Shimoliy Koreya urush bo'lsa yadro quroli ishlatishini aytmoqda

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya urush bo'lsa yadro quroli ishlatishini aytmoqda

Janubiy Koreya shimol provokatsiyalaridan sabr kosasi to'lganini aytmoqda, Pxenyan esa janub harbiy mashqlarini urushga tayyorgarlik deya ko'rmoqda.

Janubiy Koreya prezidenti rasmiy Pxenyan siyosatidan sabr kosasi to'lganini aytib, yirik harbiy mashg'ulotni kuzatgan. Shimoliy Koreya esa janub mashqlaridan toqati toq bo'lganini bildirib, buni urushga gijgijlatish sifatida ko'rmoqda va kerak bo'lsa, yadro qurolini ishga solishga tayyor ekanini aytmoqda.

Shimoliy Koreya janubga qarashli Yonpxendo orolini o'qqa tutganidan roppa-rosa bir oy o'tgach, Janubiy Koreya bugun orolda jangovar vertolyot, qiruvchi samolyot, tanklar ishtirokida yirik mashg'ulot o'tkazgan.

Prezident Li Myan Bak askarlarga murojaat etar ekan, janub shimolga qarshi birinchi bo'lib hujum qilmaydi, ammo uning hujumiga uchrasa, jiddiy javob qaytarishga shay, deb aytgan.

"Yarimorolda tinchlik bo'larmikan deb ko'p sabr qildik, ammo xato qilibmiz", - deydi Janubiy Koreya rahbari.

Bu o'rtada shimol matbuoti qurolli kuchlar vaziri so'zlarini keltirar ekan, rasmiy Pxenyan "muqaddas urushga" tayyor va kerak bo'lsa, yadro qurolini ishlatadi, deb xabar bergan. Shimoliy Koreya nazarida janub so'nggi harbiy mashg'ulotlari bilan urushga hozirlanmoqda.

Ikki davlat munosabatlari mart oyidan beri keskinlashgan. O'shanda Janubiy Koreyaga qarashli harbiy kema hujumga uchrab, 46 matros halok bo'lgan edi. Janub aybni shimolga qo'ygan, biroq rasmiy Pxenyan hujumda qo'li borligini inkor etib keladi. Bir oy burun esa janub Shimoliy Koreya chegarasiga yaqin joyda mashg'ulot o'tkazganida Pxenyan buni o'ziga tahdid deb bilib, janub hududini o'qqa tutgan, natijada 4 kishi o'lgan edi. Shundan so'ng Janubiy Koreya suv, havo va quruqlikda bir necha mashqlar o'tkazgan.

Ikki davlat 1950-1953 yillarda urush qilib, sulh tuzgan, ammo bugungacha diplomatik aloqalarga ega emas.