Ikki Koreya urushni bartaraf etish uchun muzokara qilayapti

  • Amerika Ovozi

So'nggi kunlarda urush yoqasiga kelib qolgan Shimoliy va Janubiy Koreya o'rtasida yuqori darajada muloqot boshlangan.

Har ikki davlat rahbarlari chegaradagi Panmunjom qishlog'iga o'z vakillarini yuborgan. Ammo axborot vositalariga muzokarani yoritishga ruxsat yo'q.

Payshanba kuni ikki davlat qurolli kuchlari bir-biriga qarata o't ochganidan keyin Shimoliy Koreya janubga qarshi kuchli harbiy chora ko'rishi haqida ogohlantirgan. Shuningdek, chegarada o'rnatilgan radiokarnaylarni olib tashlashni talab qilgan edi.

Seul ham jangovar tayyorgarlikni oshirib, chegara hududlardan to'rt ming odamni evakuatsiya qildi.

O'tgan hafta qayta ishga tushgan radiokarnaylardan kun bo'yi jahon yangiliklari va musiqa yangrab turadi. Janub matbuotining yozishicha, bu psixologik urushning bir qismi.

Janubiy Koreyada minglab qo'shinga ega Qo'shma Shtatlar vaziyatni yaqindan kuzatib turibdi. Shimoliy Koreyani provokatsion harakatlardan va mintaqa tinchligiga raxna soladigan bayonotlardan o'zini tiyishga chaqiramiz, deydi AQSh Mudofaa vaziri o'rinbosari Deyvid Shiyer.