Kurdlarning 92 foizi Iroqdan ajralib chiqish uchun ovoz bergan

  • Amerika Ovozi

A man looks at a banner supporting the referendum for independence of Kurdistan in Erbil, Iraq, Sept. 24, 2017.

25-sentabr kuni o'tgan referendumda Iroq Kurdistonining 92 foiz aholisi mustaqillik g’oyasini qo’llab-quvvatlagan. Natija bugun e'lon qilindi. Muxtoriyat Prezidenti Masud Barzaniy Bag’dod bilan muloqot boshlash niyatida.

Iroq hukumati, mintaqadagi boshqa davlatlar hamda Qo’shma Shtatlar referendumga qarshi chiqqan edi. Bag’dod tadbirni konstitutsiyaga zid deb hisoblaydi.

“Jazo va tahdidlarni chetga surib, yaxshi qo’shni bo’lish uchun muloqot boshlaylik. Faqatgina muzokara yo'li bilan muammolarni hal qila olamiz”, - deydi Barzaniy.

Referendum natijasi qonuniy kuchga ega emas. Lekin millionlab kurdlar o’z xohish-irodasini bildirdi, deydi prezident.

​Iroq muzokaradan bosh tortmoqda. Kurdlar va Bag'dod neftdan tushadigan daromadni qanday taqsimlash ustida tortishib keladi. Bosh vazir Haydar Abadiy uch kun ichida Kurdiston hududidagi aeroportlar ustidan nazoratni markaziy hukumatga topshirishni talab qilmoqda.

Yaqin Sharqdagi bir necha aviakompaniyalar Bag'dodning ko'rsatmasiga binoan kurd hududlarga parvozlarni to'xtatishini bildirdi. Xususan, 29-sentabrdan boshlab Livan hamda Misrdan Irbilga samolyotlar uchmaydi.

Kattagina kurd aholiga ega Eron ham sal avval Kurdistonga parvozlarni taqiqlab qo'ydi. Eron va Turkiya referendum boshqa mayda xalqlarni ham shu yo'lga boshlashidan cho'chiydi.