Turkiya: Kurdistonda mustaqillikka doir referendum katta xato bo'ladi

  • Amerika Ovozi

25-sentabr kuni Kurdistonda o’tadigan mustaqillik referendumi oldidan, Turkiya iroqlik kurdlarga bosimini oshirmoqda. Turk askarlari chegarada harbiy mashqlarni boshlab yuborgan. Davlatimiz xavfsizligini himoya qilish uchun bor kuchimizni ishga solamiz, deydi ular.

Iroq-Kurdiston chegarasida yuzlab tanklar va jangovar mashinalar... Bu bilan Anqara kurdlar o'tkazayotgan referendumga qarshi ekanligini ochiq bildirmoqchi.

Turkiya hukumati so’zlovchisi Bekir Bozdag tadbir tashkilotchilarini aqldan ozgan va kaltafahm odamlar, deb ta'riflaydi. Bu mintaqaviy nizolarga yetaklashi mumkin, deydi u.

Bozdag fikricha, bunday ishlar faqatgina hududiy tahlikani oshiradi, tinchlik, barqarorlikka putur yetkazadi va qo’shni mamlakatlarga ham salbiy ta’sir o’tkazadi.

Anqaraning xavotiri shuki, iroqlik kurdlarning mustaqillikka erishishi boshqa mayda xalqlarni ham qo’zg’atib yuborishi mumkin.

Bozdagning aytishicha, ayni damda Turkiya milliy xavfsizlik kengashi masalani muhokama qilayapti va 22-sentabrgacha bir qarorga keladi. Agar kurdlar referendumni bekor qilmasa, chora ko'rishga majbur bo'lamiz, deya ogohlantirdi Bosh vazir Binali Yildirim.

Tukiyaning Kurdistondagi sobiq diplomati Oydin Selchen fikricha, Anqara kurdlar rahbari Masud Barzaniga so'zini o'tkaza olmaydi.

“Barzanining referendum o’tkazishdan boshqa iloji yo’q. Nafaqat Kurdiston kelajagi uchun, balki o’z siyosiy merosi uchun ham muhim bu. U bundan keyin prezidentlikka nomzodini qo’ymasligini ochiq aytdi. Barzaniga bosim o'tkazolmaysiz”, - deydi Selchen.

Turkiya do'q-po'pisadan amaliy ishlarga o'tadimi yoki ogohlantirishlar bilan cheklanadimi? Kurdlarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar vaziyatni yanada keskinlashtirib yuboradi. Harbiy kuch ishga solinadigan bo’lsa, Turkiya davomiy mojaroga tortilishi va yakkalanib qolishi mumkin.

E'tibor bering, deydi tahlilchilar, vahimali gaplar Prezident Rajab Toyib Erdog’andan emas, balki uning vazirlaridan kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG