Isroilning kurdlarni qo'llab-quvvatlashi Anqarani g'azablantirdi

  • Amerika Ovozi

Iroq kurdlari referendumni yoqlab namoyish o'tkazmoqda, Erbil, 22-sentabr, 2017-yil.

Iroq kurdlari mustaqillik uchun referendum o’tkazishga tayyorlanmoqda. Isroil buni qo’llab-quvvatlayotgani Turkiyaning g’azabini qo’zg’adi. Anqara kurdlarning alohida davlat qurishiga keskin qarshi.

Isroil azaldan kurdlar yerini arablar va eronliklar tahdidini to’sib turuvchi bufer-zona deb hisoblaydi. Anqara esa mahalliy kurdlar muammosiga egaligi bois mustaqil Kurdiston davlatiga qo’shni bo’lishni istamaydi.

Sobiq turk diplomati Aydin Seljenning aytishicha, Anqara va Prezident Rajab Toyib Erdog’an hozircha keskin choralarga qo’l urgani yo’q.

“Hukumatga qarashli matbuotda Iroq Kurdistonining mustaqilligi ortida Isroil turibdi, degan maqolalar ko’p. Lekin amaliy javobni hukumat jurnalistlari emas, balki Anqara aytishi kerak. Bu masala yuzasidan Erdog’an og’zidan ham Isroilga qarshi biror gap chiqqanini ko’rmadim”, - deydi u.

2010-yil Isroil xavfsizlik kuchlari G’azoga yo’l olgan yordam kemasiga reyd uyushtirib, Turkiyaning 10 fuqarosini o’ldirgach, Anqara va yahudiy davlati o’rtasida diplomatik aloqalar uzilgan edi. Faqat so’nggi yillarga kelibgina munosabatlar qayta tiklandi.

Isroilning sobiq yetakchi generali Yair Golan shu oy Kurdiston ishchilar partiyasini (PKK) terrorchi tashkilot emas, deb e’lon qilgach, Turkiyaning Isroil va kurd aloqalari yuzasidan xavotirlari yanada oshdi. PKKni Vashington va Yevropa Ittifoqi ham terrorchi guruh deb hisoblaydi.

Yahudiy generalining bayonotiga qarshi Turkiya keskin norozilik bildirdi, ammo Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning javobi tomonlar tafovutlarga qaramasdan birga ishlashga bel bog’laganini ko’rsatadi.

“Netanyaxu bayonotida PKK terrorchi tashkilot ekani, lekin mustaqil kurd davlati mintaqa manfaatlari uchun kerakligi tushuniladi. Isroilga Turkiya bilan ittifoq kerak. Turkiyaga ham boshqa sabablar uchun bu narsa kerak. Shu bois ular aloqalarni ushlab turishibdi. Har ikki tomon yangi vaziyatdagi do’stlik va alqolarni davom ettirishni xohlaydi. Kurdiston masalasini deb ular ilgarigidek diplomatik aloqalarni to’xtatmoqchi emas”, - deydi Seljen.

Tahlilchilarning ogohlantirishicha, agar Isroil kurdlarni amaliy qo’llab-quvvatlashga o’tsa, Anqara bilan aloqalar yanada yomonlashishi aniq.