"Janubda bizneslar tiklansa, ertangi kunga ishonch ham bo'ladi"

  • Amerika Ovozi

Yozgi g'alayondan so'ng Qirg'iziston iqtisodiyoti qattiq oqsamoqda, janubiy viloyatlarda minglab odamlar uysiz, ishsiz, mol-mulki barbod bo'lgan.

Xalqaro hamjamiyat Qirg’iziston janubida, O’sh va Jalol-Obodda yozgi qirg’in paytida ziyon ko’rgan kichik va o’rta biznesni tiklashda yordam ko’rsatmoqda.

AQShning “Mercy Corps-Mersiko” nohukumat tashkiloti etnik to’qnashuvlar oqibatlarini bartaraf etish yo’lida loyihalarga jami 6 million dollar sarmoya ajratgan.

“Biz kichik biznesni tiklash uchun tadbirkorlarga grantlar berayapmiz. Toki yana mahsulot chiqara boshlasin yoki aholiga xizmat ko’rsatsin”, - deydi tashkilotning Qirg’izistondagi vakili Tom Xensli.

Uning aytishicha, bizneslar yana ishga tushsa, umumiy vaziyat o’nglanadi, odamlarda ertangi kunga ishonch paydo bo’ladi. Ayni paytda tashkilot oziq-ovqat ta’minoti, elatlarni yaqinlashtirish borasida ham ishlamoqda.

O’shlik tahlilchi Svetlana Gafarova nazarida Qirg’iziston iqtisodiyoti va boshqaruv tizimlarini tiklashda xalqaro tashkilotlar ko’magi zarur.

“Hozir davlat miqyosida huquq-tartibot tizimini islohot qilish borasida so’z ketmoqda. Jumladan, kadrlar almashishi, aholi bilan yaqinroq muomalada bo’lishi kutilmoqda. Bunda xalqaro hamjamiyat tajribasi qo’l keladi”, - deydi Svetlana Gafarova.

“Ikkinchidan, jamiyatning huquqiy tarbiyasiga, savodxonligiga urg’u bermoq darkor. Chunki huquqini bilgan odam o’zgalar huquqini ham biladi va o’zini himoya qila oladi”, - deydi Gafarova.

Tahlilchilar xalqaro hamjamiyat yordami mahsuldorligini oshirish darkor, deb hisoblaydi. Loyihalar bir-birini takrorlamasligi va haqiqatan yordamga muhtoj qatlamlarga yetib borishi zarur, deydi ular. Bu borada mahalliy idoralar bilan keng hamkorlik kerakligi aytiladi.