Qirg’iziston, Amerika rasmiylari Vashingtonda maslahat qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat departamenti, Vashington

9-10 iyun kunlari Vashingtonda AQSh-Qirg’iziston yillik maslahat uchrashuvi bo’lib o’tdi. Bishkekdan kelgan delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev boshchilik qildi. Amerika tomonidan esa muzokaralarni Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Robert Bleyk olib bordi. Sarmoya va biznes borasida ham gaplashib olindi.

“Qirg’iziston Amerikaning muhim hamkori, do’sti. Qurmanbek Bakiyev hokimiyati qulagach, bu davlatda ro’y bergan demokratik jarayonlardan mamnunmiz va qo’ldan kelgancha yordam beramiz”, - dedi Bleyk.

Kazakbayev AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Vilyam Berns bilan ham gaplashgan. Demokratik islohotlar va erkin jamiyat qurish xususida fikr almashishgan.

Markaziy Osiyoda parlament boshqaruviga o’tgan – yolg’iz Qirg’iziston. O’tgan yilning yozida etnik qirg’inni boshidan kechirgan ham shu davlat.

Bu qiyin davrda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash, saylovlar, gumanitar va iqtisodiy yordam yo’lida Amerika 2010 yilning o’zida 140 million dollar ajratgan.

Robert Bleyk

“Afg’oniston ham ikkimizni bog’lab turadi. Oldimizda turgan muhim vazifa – o’zaro savdo va sarmoya muhitini yaxshilash ekan, investorlar davra muloqotida Amerika tadbirkorlarini ko’rayotganimdan mamnunman”, - deydi Robert Bleyk.

Robert Bleyk AQSh sarmoyasi, oshkoralik, qonun ustuvorligi, malakali kadrlar va mas’uliyatli boshqaruv bir-biriga bog’liq masala va talablar ekanini eslatadi.

O’tgan yilning yozida janubda ro’y bergan xunrezlik va elatlar o’rasida hamon saqlanib qolayotgan ziddiyat jamiki yutuqlarga dog’ tushirayotgani haqiqat.

Obama ma’muriyati Qirg’izistonni qo’llab-quvvatlash bilan birga unga har bir fuqaro xavfsizligini ta'minlash asosiy vazifa ekanini ham uqtirmoqda.

Shu yilning oxirida mamlakatda prezident saylovlari o’tishi kerak. AQSh bu jarayon xolis va osuda o’tadi degan umidda va yordam taklif qilmoqda.