Olmosni yetishtirsa bo'ladimi?

  • Amerika Ovozi

So'nggi paytlarda olmos ishlab chiqarish sanoati biroz oqsayapti. XXI asr avlodi turmush qurishni paysalga solishni odat qilgani bois nikoh uzugi savdosi ancha susaygan. Olmos uzuk tutib qo’l so’rash odati ham avvalgiday urf emas. Laboratoriyada yetishtirilayotgan olmoslar sekin-asta haqiqiy olmoslar o'rnini egallab bormoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Olmos uzuk tutib qo’l so’rash odati avvalgiday urf emas

Olmos doim sevgi, sadoqat timsoli bo’lib kelgan. Lekin hozir haqiqiy olmos qolib laboratoriyada yetishtirilayotgan olmoslar bozori chaqqon.

“Yetishtirayotgan olmoslarimiz tabiiy olmoslar tarkibi bilan bir xil, haqiqiy olmos. Laboratoriyamizda tabiat beradigan muhitni yaratganmiz”, - deydi Kelli Gud, laboratoriya xodimi.

Mutaxassislar bu olmoslarni qazib olingan olmoslar bilan bir xil demoqda.

“Olmosning o’ziga xos kimyoviy tarkibi bor, aniq bir ta’rifi bo’lgani uchun ham uni yetishtirish imkoni bor. Shuning uchun ham qazib olinadigan olmoslarga tenglasha oladi”, - deydi Xalqaro gemmologiya instituti xodimi Deyvid Vaynshteyn.

Laboratoriyada olmos urug’i kvadrat shakliga keltirilib, unga yuqori darajali issiqlik va uglerod beriladi. Vaqt o'tib olmos xuddi kristall kabi o'sa boshlaydi. Tabiiy olmos paydo bo'lishiga ming yillar ketsa, laboratoriyada bir necha oy kifoya. Birgina farq - yetishtirilgan olmos tarkibi tiniq, unda notanish moddalar yo’q.

“Bir qarashda tabiiy va yetishtirilgan olmosni ajratsa bo’ladi. Boshqa minerallar elementlari bo’lsa, masalan bunda xrizolit, yashil billur donachalari bor, demak bu tabiiy olmos. Biz gemmologlar shunga e’tibor qaratamiz”, - deydi Vaynshteyn.

Yetishtirilayotgan olmoslar bozorining yillik sarmoya aylanmasi 14 milliard dollarga teng.

“Iste’molchilarimiz XXI asr avlodi. Unashtirishga yetishtirilgan olmos olishyapti. Ularga issiqxonalarimizning ishlash muhiti ham ma’qul. Tuproq ko’chirilmaydi, havoga kam zararli gaz chiqaramiz”, - deydi Kelli Gud.

Asosiysi, yetishtirilgan olmoslar narxi 30-40 foiz arzonroq. 2020-yilga borib laboratoriya olmoslarining bozordagi ulushi 15 foizdan ortishi kutilyapti.