Breaking News

AQSh-Xitoy orasida 10 yangi savdo bitimi


Pekin, Xitoy
Pekin, Xitoy

Amerika xa Xitoy orasida imzolangan yangi 10 bitim qishloq xo'jaligi, moliya va energetika sohasini qoplaydi. Biznes doiralarda qizg'in muhokamada.

Kelishuvlar, umuman olganda, ikki davlat orasidagi tub muammolarni hisobga olmaydi, deydi ekspertlar.

Axborot texnologiyasi va innovatsiya jamg'armasi rahbari Robert Atkinson fikricha, tijoriy hamkorlik ko'plab nozik omillarni nazarga ilmagan.

Xitoy o'z bozorini Amerika mahsulotlariga ochishi uchun harakat qilishi kerak, deydi u. Hozirda Xitoy bizneslari Amerika firma va kompaniyalarni xarid qilish bilan band. Pekin aynan shu maqsadni ko'zlab kelishuvlar imzolamoqda. Amerika aldanmoqda, deydi bu mutaxassis.

Atkinson tahlilicha, Tramp ma'muriyati butun e'tiborni Xitoy bilan savdo kamomadini kamaytirishga qaratishi lozim. Xitoy tijoriy siyosatini o'zgartirishi, isloh qilish zarur, deydi u. Amerika sanoatlari, ilm-fan va texnologiya sohalari Xitoyning eskicha siyosatiga chidamaydi va toqat qilishni xohlamaydi.

Shunday ekan, deydi yana bir ekspert Derek Sizzors, hukumatlar orasidagi yangi bitimlar xususiy sektorni unchalik qiziqtirmasligi mummin. Demak, bu hujjatlar chetda qoladi. Xitoy va'daboz, deydi Sizzors, o'z bozorini Amerika uchun uzoq yillardan beri kengroq ochmay keladi.

“Kamomad yaqin orada hal bo'ladigan masala emas", - deydi u.

Xitoy o'z biznes sektoriga subsidiyalarni kamaytirishi kerak, hozirgi vaziyatda raqobat adolatli emas, deydi mutaxassis. Chet el kompaniyalari Xitoyda ishlashi uchun sharoit yetarli emas.

“Xitoyda, shuningdek, intellektual mulk yaxshi himoya qilinmaydi. Mavjud qonunlarga amal qilinmaydi. Qonun ustuvorligi va huquq himoyasi juda past", - deya tanqid qiladi Sizzors.

Oshkoralik yetishmasligi biznesning beliga tepadi.

Pekin do'konlarida
Pekin do'konlarida

Pekin universitetidan Kristofer Balding nazarida esa Oq uy Xitoy bilan bu masalalarda muloqotni yo'lga qo'yayotgani xush xabar. Muammolar muhokamada va orada ochiq dialog ketmoqda, deya maqtaydi u.

Jahon Savdo Tashkilotiga 2000-yilda kirgan Xitoy o'z bo'yniga olgan majburiyatlarni ado etishga shoshmadi va hech kim uni bu borada javobgarlikka tutmadi. Amerika tanqid qilganida Pekin Vashingtonni safsata va gegemoniyada ayblashni odat qildi. Biroq endi hech kimda sabr qolmadi, deydi Balding, Xitoy buni anglab yetgan. Zarur choralar ko'rmasa, biznes manfaatlari zarar ko'radi. Shunday ekan, yaqin kelajakda bu mamlakat o'z bozorini boshqalarga kengroq ochsa ajabmas.

Prezident Donald Tramp Xitoyni uyaltirishga usta. "Twitter" tarmog'ida u Pekinni har kuni mazxara qiladi. Bu samara berishi mumkin, deydi Xitoy mentalitetini biladigan ekspertlar.

“Tramp ma'muriyati Xitoyga ochiqchasiga bosim o'tkazmoqda. Pekinga buning ta'siri kuchli", - deydi Balding.

"FCC Partners" kompaniyasidan C.Y. Huang Amerika bizneslarini tannozlik va o'jarlikda ayblaydi. Raqobatga chidash uchun sharoitni tushunish kerak, deya eslatadi xitoy tadbirkor.

“Xitoy bozorni yopib qo'ygan deyish haqiqatni aks ettirmaydi, imkoniyatlar ko'p, ulardan qanday foydalanishni bilish kerak", - deydi Huang.

AQSh Tijorat vaziri Uilbur Ross deydiki, bu yilga yoz o'rtasigacha Xitoy Amerika go'sht mahsulotlari savdosi uchun yo'lni katta ochishi kutilmoqda. Buning evaziga Xitoy parranda mahsulotlari uchun AQSh o'z bozorida yangi imkoniyatlar yaratadi.

Ikki davlat orasidagi savdo kamomadi o'tgan yili 347 milliard dollarni tashkil etgan. Tomonlar uni kamaytirishg bel bog'lagan. Rahbarlar orasidagi muloqotlarda bu asosiy mavzu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG