Liviya qo'shma hukumati poytaxt Tripoliga kirdi

  • Amerika Ovozi

Fayz Siroj boshliq delegatsiya Tripolida. 30-mart, 2016-yil.

Liviyaning qo'shma hukumati chorshanba kuni kemalarda poytaxt Tripolidagi harbiy dengiz bazasiga yetib keldi. Delegatsiyani Bosh vazir Fayz Siroj boshqarmoqda.

Holbuki, turli raqib kuchlar xalqaro hamjamiyat qo'llab-quvvatlovini olgan bu qo'shma hukumatga Tripoliga yaqinlashmaslikni buyurgan.

Mazkur hukumat Birlashgan Millatlar Tashkilotining vositachiligida tuzilgan, maqsad 2011-yilda Muammar Qaddafiy ag'darilganidan beri beqaror Liviya nihoyat tinchib ketishiga sharoit yaratish.

Yaratganning yordami, jahon hamjamiyatining qo'llab-quvvatlovi bilan biz qonun ustuvorligini ta'minlash, otishmalarni bas qilish, "Islomiy davlat" to'dasini yengish uchun ishga kirishamiz, deydi Siroj.

"Islomiy davlat" radikal guruhi Liviyada o'rnashib olgani haqida xabarlar bor.

Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi qo'shma hukumat Tripoliga yetib borgani haqidagi xabarni olqishlayapti.

Tahlilchi Entoni Billingsli so'zlariga ko'ra, Siroj va uning hamkasblari muvaffaqiyat qozonishiga ishonch kam.

Liviyadagi raqib guruhlar xalqaro hamjamiyat bilan ham, jahon ahli qo'llayotgan hukumat bilan ham hisoblashib o'tirmayti, deydi u.