Maksim Bakiyev Londonda hibsga olingan, tovon evaziga qo'yib yuborilgan

  • Amerika Ovozi

Maksim Bakiyev otasining davrida Qirg'izistonda eng boy odamlardan edi

Qirg'iziston sobiq prezidenti, 2010-yilning aprel oyida hokimiyatdan ag'darilgan Kurmanbek Bakiyevning o'g'li Maksim Bakiyev Londonda qamoqqa olingan. Sud qarori bilan tovon evaziga 7-dekabrgacha qo'yib yuborilgan.

Vashington uni moliyaviy jinoyatlarda ayblab Yevropa Ittifoqi, xususan Britaniya hukumatiga bu borada iltimosnoma yuborgan.

Maksim Bakiyev AQShga ekstraditsiya qilinib sudlansa va aybdor deb topilsa, uzoq yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

35 yoshli Maksim Bakiyev siyosiy boshpana so'rayotgan edi. Qirg'iziston hukumati uni qator jinoyatlarda ayblaydi va mamlakatga qaytarilishini so'rab keladi.

Lekin Bakiyev endi Amerikada sudga tortilishi mumkin. Obama ma'muriyati unga aynan qanday ayblar qo'yilayotganini hali bayon etmagan, ammo ular asosan aksiyalar savdosi bilan bog'liq ekani ma'lum, xususan moliyaviy tovlamachilik.

Maksim Bakiyev yuridik sohada diplomga ega, Bishkekdagi Qirg'iz-rus slavyan universitetini bitirgan. Shuningdek, Britaniya va Amerikada ham ta'lim olgan.

U Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq aksiya bozorlari bo'yicha ish yuritadigan firmalarda xizmat qilgan. Vatanidagi eng boy kishi sifatida tilga olinar edi.

Otasi hokimiyatdan ag'darilgan paytda Vashingtonga rasmiy safar qilayotgan bo'lgan. Shundan beri Bakiyev Yevropada qo'nim topgan edi. Interpol uni qidirayotgan edi.

2009-yilda u Taraqqiyot bo'yicha markaziy agentlik rahbari etib tayinlangan. Bu vazifada va otasining qudratidan foydalanib, Maksim Bakiyev davlatdan katta miqdorda mablag' o'margan, deydi Qirg'iziston rasmiylari.

Jumladan Rossiyadan olingan 300 million dollarlik qarzning 35 millionini o'z shaxsiy hisobiga o'tkazgani, shuningdek, Manas aerodoromini yonilg'i bilan ta'minlaydigan firmalarga egalik qilib, 80 million dollar o'g'irlagani gumon qilinadi.