Fransiya NATOni Liviyada tinch aholini Qaddafiy kuchlaridan himoya qila olmayotganlikda tanqid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Alan Juppe

Britaniya va Fransiya NATO blokini Liviyada tinch aholini hukumat hujumlaridan yetarli darajada himoya qila olmaganlikda ayblamoqda. Fransiya Tashqi ishlar vaziri Alan Juppening aytishicha, alyans ishini oxirigacha yetkazib, Liviya rahbari Muammar Qaddafiy harbiy qudratini yo'qqa chiqarishi kerak.

Shu hafta Bryusselda Yevropa Ittifoqi va NATO a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari majlisi bo'lib o'tadi. Juppe ularda masalani ko'ndalang qo'ymoqchi. Britaniya alyansdan operatsiyada ishtirok etayotgan samolyotlar sonini oshirishni so'ramoqda.

O'tgan oy BMT Xavfsizlik Kengashi Liviya armiyasiga qarshi harbiy harakatlarga ruxsat beruvchi rezolyutsiyani qabul qilgach, mas'uliyat NATOga yuklangan edi. Shundan beri xalqaro kuchlar tinch aholi va muxolifatni havo hujumlaridan himoya qilib, Qaddafiy samolyotlari va tanklarini nishonga olmoqda.

Kecha Afrika Ittifoqi tashkiloti zo'ravonliklarni to'xtatishga, hukumat va muxolifat o'rtasida muzokara boshlashga da'vat etib, chiqqan edi. Qaddafiy ittifoq taklifini qabul qilgan, ammo muxolifat rad etgan. Liviya rahbariga qarshi kuchlar nazarida hujjatda ularning asosiy talabi aks etmagan. Ya'ni Qaddafiy va o'g'illari zudlik bilan hokimiyatdan va mamlakatdan ketishlari shart.