Oq uydagi "xoin" kim?

  • Amerika Ovozi

Oq uy xodimlari shu kunlarda xoinni aniqlash bilan ovora. Prezident Tramp ikki kun oldin "Nyu-York Tayms" gazetasida uni tanqidga olgan va o'zini Oq uy rasmiysi deb tanishtirgan anonim muallifni aynan shunday deb atadi. Maqolada Tramp prinsipsiz, hissiyotga beriluvchan, ma'naviyatsiz, fikrini tez-tez o'zgartiradigan, layoqatsiz rahbar sifatida ta'riflanadi. Muallifga ko'ra, Tramp atrofida uning siyosatiga qo'shilmaydigan, mamlakat manfaatlariga zarar keltiruvchi qadamlarining oldini olishga shay fidoiy insonlar bor.

Your browser doesn’t support HTML5

Oq uydagi "xoin" kim?

Maqola katta shov-shuvga sabab bo'ldi. Hamma muallifning kimligini topishga urinmoqda, uning yozish uslubiga qarab portretini chizishyapti. Tramp ma'muriyatining yetakchi a'zolari bu ishga aloqasi yo'qligini aytib, ketma-ket bayonotlar berdi. Davlat kotibi Mayk Pompeo, Vitse-prezident Mayk Pens, Mudofaa vaziri Jim Mattis va yana boshqa vazirlar "Nyu-York Tayms"dagi maqolani keskin tanqid qilib, muallif ular emasligini aytmoqda.

"Mamlakatimizga ajoyib tarzda rahbarlik qilayotgan prezidentni qoralovchi anonim maqolani yozgan odamga bu ma'muriyatda joy yo'q, iste'fo berishi kerak", - dedi vitse-prezident.

Ismini oshkor etishni istamagan muallif Oq uy ma'muriyatida Tramp siyosatini chippakka chiqarishni maqsad qilgan guruh a'zosi ekanini da'vo qiladi.

Prezident maqola muallifini xoin deb atadi.

"Biz ikki yildan oz vaqt ichida qilgan ishlarni hali hech kim uddalay olmagan. Ma'muriyatimda ishlayotgan bu anonim manba ishini eplay olmayotgandir, u boshqa joyda ishlashi kerak. "Nyu-York Tayms" ham ishini eplay olmayotgan ko'rinadi", - dedi Tramp.

Demokratlar esa maqolani olqishlamoqda. Senator Ed Marki shulardan biri.

"Maqolaning tashvishga molik tomoni shundaki, Oq uy ma'muriyatida mamlakatimiz kundalik ravishda ko'rayotgan zarardan xavotir olayotgan odam ishlayotgan ekan", - deydi u.

Respublikachilar bu masalada prezidentni qo'llab-quvvatladi.

"Bu odamning noinsof ekanini ko'ryapmiz. Bunday odamdan prezidentga foyda yo'q. Agar prezidentga yordam bergisi kelsa, uning yonida yurmasin, ishdan ketsin", - deydi Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan.

Tramp bu voqeadan katta zarar ko'rmaydi, deydi tahlilchi Jon Fortye.

"Odamlarning Donald Tramp haqidagi fikri bir maqola bilan o'zgarib qolmaydi. Uni yoqtirganlar ham, yoqtirmaganlar ham o'z fikrida qoladi deb o'ylayman", - deydi u.

Bu fikrga qo'shilmaydiganlar ham bor.

"Tramp ma'muriyatida, Oq uyda, prezidentga yaqin tor doirada uni yoqtirmaydigan, unga ishonmaydigan, uni prezidentlikka loyiq deb ko'rmaydigan ko'plab odamlar bor", - deydi Kim Kessler.

Tramp tarafdorlari o'zgacha fikrda, deydi Fortye.

"Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, respublikachilarning aksariyati Donald Tramp tomonida. Uning mamlakat bo'ylab reytingi yuqori bo'lmasa-da, respublikachi tarafdorlari orasida ancha yuqori", - deydi tahlilchi.

So'nggi voqea Prezident Trampning noyabrda bo'ladigan Kongress saylovlarida hal qiluvchi omil bo'lishini yana bir bor namoyish etdi. Tramp prezidentlikka kelganidan beri boshi tanqiddan chiqqani yo'q. Tarafdorlariga ko'ra, "Nyu-York Tayms" sahifasidagi so'nggi maqola Trampni hokimiyatdan olishga qaratilgan kampaniyaning davomi.