G'arb Pxenyanga yana sanksiya qo'yishga undamoqda

  • Amerika Ovozi

Amerika va ittifoqchilar Shimoliy Koreyani beshinchi bor yadro sinovi o'tkazgani uchun yana sanksiya bilan jazolashga undamoqda. Biroq Xitoy bu azaliy hamkoriga takroran sanksiya qo'yishga xushi yo'q.

Pxenyan o'tgan juma kuni yadro qurolini sinagan, so'nggi xabarlarga ko'ra mamlakat yangi sinovlarga hozirlikni boshlab yuborgan. Janubiy Koreya Mudofaa vazirligining bildirishicha, Pxenyan bunday tadqiqotlar uchun salohiyati yetarli. Vazirlik matbuot kotibi Mun San Yunning aytishicha, Amerika va Janubiy Koreya razvedkalarida buning uchun dalil-ma'lumot yetarli.

Janubiy Koreya, Amerika, Yaponiya va boshqa ittifoqchilar Pxenyanni siquvga olish, BMT Bosh Assambleyasida qo'shimcha sanksiyalarni olg'a surish harakatida.

Bu orada, Amerika harbiylari Janubiy Koreyaga B-1B rusumli jangovar samolyotlarini safarbar etishi kutilmoqda. Shu tariqa ittifoqchilar Pxenyanga ogohlantirish bermoqchi.

Janub rahbari Pak Gin Xe dushanba kuni mamlakatdagi partiyalar yetakchilari bilan favqulodda majlis o'tkazib, vaziyatni muhokama qilgan. Maqsad Shimoliy Koreyadan yadroviy tahdid oshayotgan bir paytda yurtni birlashtirish.

Yangi sanksiyalar eksport qilinishi taqiqlangan mahsulotlar ro'yxatini oshirish, shimolning armiyasi va yadroviy dasturiga aloqador shaxslarni qora ro'yxatga qo'shishni nazarda tutadi.

Pxenyan esa yangi sanksiyalar haqidagi xabarlarni ma'nosiz va kulgili deya pisand qilmayapti.