Nyu-Yorkdagi kichik bizneslarning yarmidan ko'pi muhojirlarniki

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Tadbirkor muhojirlar zamon haqida nima deydi?

Qo’shma Shtatlarda 5 millionga yaqin kichik biznes bo’lsa, taxminan 20 foizini muhojirlar ochgan va yuritadi. Ammo Nyu-Yorkda bu raqam 50 foizdan yuqori.

“VCD Trading” kompaniyasi ayollar uchun sifatli liboslar tayyorlaydi, 15 tikuvchisi bor.

Nyu-York shahrida kiyim-kechak fabrikalari ko’p emas, chunki mahsulotni Xitoy va bosh davlatlarda ishlab chiqarish arzonroq. Minimal maoshni soatiga 15 dollarga oshirish to'g'risida qonun qabul qilingai bois bunday firmalar yanada kamayadi, deydi tadbirkorlar.

“Ishchilarimga soatiga o’rtacha 11-13 dollar to’layman", - deydi korxona direktori Stiv Xan.

"Sanoatda yuqori maosh sanaladi bu. Lekin yaqinda Nyu-Yorkda minimal maoshni soatiga 15 dollar qilib belgilashdi. Kelasi uch yilda 8 dollar 75 sentdan 15 ga ko’tarishim kerak, ya’ni 80 foizga. Buni qanday uddalayman, hayronman”, - deydi tadbirkor.

Stiv Xan Xitoyda tug’ilib, Vyetnamda katta bo’lgan. Nyu-York shahridagi 70 ming kichik bizneslardan birini boshqaradi. Bu bizneslarning 52 foiziga immigrantlar egalik qiladi.

Stiv Xan avvaliga fabrikani Xitoyda ochmoqchi bo’ldi, ammo u yerda raqobat kuchli. Nyu-Yorkdagi mijozlari orasida mashhur brendlar bor. Hukumat bizga Xitoy mahsuloti bilan raqobatlashishda yordam bersin, deydi u.

“Hukumat import narxini biroz ko’tarsa, men singari mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo’llab-quvvatlagan bo’ladi. Chetdan tovar olib keladigan kompaniya boj-tariflarga qaraydi. Import qimmat bo’lsa, bundan mahalliy sanoatlar yutadi”, - deydi biznesmen.

Syuzi Libovitzning sport kiyimlari do’koni bor. Stiv Xandan mahsulot xarid qiladi.

“Uning fabrikasi bizga yaqin bo’lgani uchun ish tezroq, arzonroq, osonroq bitadi. Muammo bo’lsa, shundoq kirib hal qilasiz. Ikkinchidan, “Amerikada ishlab chiqarilgan” deb yozilgan kiyim-kechakni xalqaro mijozlarga sotish ham osonroq”, - deydi Libovitz.

Boshqa shaharlarda bo’lgani kabi Nyu-Yorkda ham immigrantlar yuritadigan bizneslar mahalla ko’rki. Odatda shahar markazida, shohko’chada joylashgan bo’ladi, deydi tadqiqotchi Deyvid Kallik.

“Restoranlar, oziq-ovqat do’konlari, sartaroshxona va salonlar… mahallani mana shular mahalla qiladi. Amerika bo’ylab bunday bizneslarning 18 foizini muhojirlar ochgan. Ular yuzlab odamni ish bilan ta’minlamasa-da, xaridorlarni jalb qiladi, hududga o’zgacha ruh olib keladi”, - deydi Kallik.

AQShda bugun kichik bizneslar soni qariyb 5 million, lekin statistikaga ko’ra, yarmi 5 yil ichida yopilib ketadi. Atigi 30 fozi 10 yildan oshiq faoliyat yuritadi.