Prezident Obama Afg'onistonda kamroq mablag' sarflamoqchi

  • Amerika Ovozi
AQSh rahbari afg'on urushi uchun kelasi yilga rejalangan mablag'ni 10 foizga qisqartirmoqda.

Oq uy rasmiylarining bildirishicha, avvaliga Kongressdan 88,5 milliard dollar so'ralgan bo'lsa, hozirga kelib bu raqam 79,4 milliardga tushirilgan.

Askarlar astalik bilan vatanga qaytar ekan, Vashington Afg'onistonni qayta qurish va xavfsizligini mustahkamlash borasidagi harakatlarni bo'shashtirmoqchi emas. Lekin shu bilan birga xarajatni ham ozaytirmoqchi.

Pokiston orqali hozirda AQSh katta miqdorda o'q-dori va harbiy vositalarini olib chiqa boshlagan. Askarlar va jihozlar Markaziy Osiyo davlatlaridan ham o'tmoqda.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi, ham kelasi yilgi byudjetiga ayrim o'zgartirishlar kiritgan.

Kongress bu takliflarga qanday javob beradi, noma'lum.