Barak Obama xalqqa hisobot beradi

  • Amerika Ovozi

12-yanvar kuni kechqurun Prezident Barak Obama davlatning bugungi ahvoli haqida xalqqa hisobot beradi. Uning Kongress oldidagi nutqini nafaqat Amerikada, balki butun dunyo bo’ylab tomosha qilishadi.

Bu Obamaning prezident sifatidagi so'nggi katta nutqi. O'tgan yillar ichida erishilgan yutuqlar-u yangi takliflarga emas, balki kelajakka urg'u beradi. Prezident Amerikaning dunyodagi roli va salohiyati haqida so'zlaydi, deya bildiradi Oq uy.

Obama fikicha, AQSh tashqi siyosatda diplomatiya, ittifoqchilar bilan dialog va ko'p tomonlama hamkorlik yo'lidan borishda davom etishi kerak.

Shu o'rinda, Ebola virusiga qarshi kurash, iqlim o'zgarishi bo'yicha erishilgan tarixiy kelishuv hamda Kuba bilan aloqalar tiklanayotganini tilga olsa ajabmas.

Seshanba kungi hisobotida prezident asosan uch masalaga diqqat qaratadi - iqtisod, xavfsizlik va fuqaro faolligi. Immigratsiya va qurol nazoratiga ham to'xtalishi tayin.

Saylanganidan buyon respublikachi va demokratlarni bir yoqadan bosh chiqarishga, kelishib ishlashga undagan Obama bugunga kelib Kongress bilan deyarli hech bir masalada hamfikr emas. O'z tashabbuslarini u asosan farmonlar orqali olg'a surmoqda.

Obamani tinglash uchun Kongressga, jumladan, AQShda qo'nim topgan suriyalik qochqinlar, harbiylar va otishmalarda halok bo'lganlarning oila a'zolari taklif etilgan.