Afg'on, G'arb qo'shinlari Pokiston bilan chegarada o'nlab jangarini yo'q qilgan

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston xavfsizlik kuchlari

Afg’oniston rmulozimlarining aytishicha, Paktika viloyatida kamida 300 jangari harbiy postlarga hamla qilgan.
Afg’oniston qo’shinlari G’arb harbiy havo kuchlari ko’magida shu hafta Pokiston bilan chegarada o’nlab jangarini o’ldirgani aytilmoqda.

Taxmin shuki, sharqdagi Paktika viloyatida Tolibonga aloqador Haqqoniy jangarilari o’qqa tutilgan, deya xabar beradi Islomoboddagi muxbirimiz Ayoz Gul.

Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlar hali buni tasdiqlaganicha yo’q. Olishuvlar oxirgi yillarda eng qonli bo’lgani aytilmoqda.

Afg’oniston razvedka mulozimlarining aytishicha, Zirok tumanida kamida 300 jangari harbiy postlarga hamla qilib, markaziy shaharni qamal qilishga harakat qilgan. NATO hujumni qaytarishga yordam berib, 60 dan ziyod jangari yo’q qilindi, deydi rasmiylar.

Bu orada, Afg’oniston rasmiylari Amerika va Britaniyani mamlakatda noqonuniy qamoqxonalar ochganlikda ayblamoqda.

Qandahor va Hilmandda oltita shundan hibsxona topilgan. Bu obyektlar zudlik bilan mahalliy kuchlarga topshirilishi kerak, deyiladi afg’on hukumati komissiyasi tavsiyasida.

Komissiya rahbari general G’alum Barakzayning aytishicha, Britaniya qamoqlarida 10 dan ziyod mahalliy mahbus topilgan. Amerika hibsxonalari bo’sh bo’lgani ayon.

Bu odamlar urush maydonida qo’lga tushmagan, ularni uylaridan tutib olib kelishgan, deydi Barakzay.

Britaniya va Amerika harbiylari hali bu borada biror izoh bermadi.