Afg'oniston: Pokiston terrorchilarni yaxshi va yomonga ajratishi xavfli

  • Amerika Ovozi

Prezident Ashraf G'ani

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'anining Pokistonga qaratilgan so'nggi tanqidlariga Islomobod keskin javob qaytardi.

Varshavada o'tgan NATO sammitida G'ani mintaqada Pokistondan tashqari barcha davlatlar bilan ahilmiz hamda tinchlik va barqarorlik yo'lida hamkorlik qilayapmiz, degan.

"Pokiston mustasno. To'rt tomonlama tinchlik muzokaralarini birgalikda tasdiqlaganimizga qaramasdan,bu davlat amalda terrorchilarni yaxshi va yomonga ajratadi. Bu xavfli yondashuv", - deydi afg'on rahbari.

G'ani tilga olgan to'rt davlat - Afg'oniston, Pokiston, Xitoy va Qo'shma Shtatlar - Tolibon bilan muloqot orqali uzoq yillik urushga nuqta qo'yishga harakat qilib keladi.

Kobulning da'vosi shuki, Pokiston xavfsizlik kuchlari mahalliy toliblarga qarshi harbiy operatsiyalar olib borayapti, lekin Pokistonda o'rnashib olgan afg'on Toliboniga nisbatan biror chora ko'rilmaydi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Muhammad Nafis Zakariya:

"Prezident Ashraf G'anining NATO anjumanida qilgan bayonotidan hafsalamiz pir bo'ldi. Afg'oniston hukumati bo'lar-bo'lmas ayblovlarni olg'a surgandan ko'ra ikki davlat yaqinroq hamkorlik qilsa bo'lardi".

Zakariya, shuningdek, "Tahrike Tolibon Pokiston" jangari guruhi Afg'oniston hududida yashiringani va o'sha yerdan turib terror xurujlari uyushtirayotganini ta'kidladi.

Ikki davlat bir-birini terror hujumlariga homiylikda ayblashi oqibatida aloqalar tarang. Pokiston yaqindan boshlab Afg'oniston bilan chegaradan o'tish tartibini kuchaytirgan.