Pokiston Afg'onistonga havo orqali harbiy texnika yetkazib bermoqda

  • Amerika Ovozi
Pokiston rasmiylari qo’shni Afg’onistonga xavfsizlik va barqarorlikni kuchaytirish maqsadida havo orqali muhim harbiy texnika yetkazib berilayotganini ma’lum qildi.

Mamlakat Mudofaa vazirligining xabar berishicha, 15 ta harbiy texnika yuklangan birinchi tijorat samolyoti Karachi shahridan Afg’oniston poytaxti Kobuldagi Bagram havo bazasiga qarab yo’lga chiqqan. Vazirlik samolyotda Afg’oniston xavfsizlik kuchlari uchun muhim bo’lgan harbiy mashinalar borligini aytmoqda.

Pokiston havo yo’llari orqali yetkazilayotgan bu ko’mak 2012-yil iyul oyida Islomobod va Vashington o’rtasida tuzilgan o’zaro kelishuv shartlari asosida amalga oshmoqda, deya xabar beradi Pokiston rasmiylari.

Afg’oniston bilan aloqalarni yaxshilashga hissa qo’shishi kutilayotgan havo yordami yana bir necha hafta davom etishi kutilyapti.

Iste’fodagi Pokiston generali Talat Mas’udning aytishicha, mintaqada xavfsizlik o’rnatish uchun Pokiston va Afg’oniston o’zaro munosabatlarini to’g’rilashi muhim. Minataqada faqat Afg’oniston barqaror bo’lgan taqdirdagina tinchlikka erishish mumkin, deydi u.

“Pokiston harbiylari Afg’oniston harbiylari bilan hamkorlik qilishni istaydi. O’zaro harbiy aloqalar yaxshilanishi kerak”, - deydi general Mas’ud.

Afg’oniston xavfsizlik kuchlari uchun Pokiston asosiy ta’minot yo’lagi hisoblanadi. Ammo Afg’oniston uchun atalgan yuklarni tashuvchi mashinalar chegara hududida tez-tez jangarilar hujumiga uchrab turadi.

Pokistonning shimoli-g’arbiy Xaybar viloyatida 5-may kuni jangarilar NATO yuklarini tashiyotgan mashinaga hujum qilib, ikki haydovchini otib o’ldirgan. Pokiston va Afg’onistonni bir-biriga bog’lovchi katta magistral yo’lida yuz bergan otishmada esa uch kishi jarohat olgan.