Pokistonga tinchlik keladimi?

  • Amerika Ovozi

Abdul Malik idoraga kirishda qasamyod keltiryapti. 9-iyun 2013.

Pokiston yaralibdiki, uning eng katta viloyati Balujistonda azaldan isyonchilar faol bo’lgan. Ammo o’lkaning yangi rahbari jangari guruhlarni qurol tashlab, federal hukumat bilan tinchlik muzokaralarini boshlashga undamoqda. Bu tashabbusni mahalliy aholi qo’llab-quvvatlaydimi?

Your browser doesn’t support HTML5

Balujistonga vanihoyat tinchlik keladimi?/Shohruh Hamro


Yillar davomida etnik balujlar Balujistonning tabiiy resurslari ustidan nazoratni qo’lga kiritish va, imkon bo’lsa, hatto Pokistondan ajralib chiqish uchun kurashgan. Mojaro ildizi Pokiston davlatiga asos solingan va baluj qabilalari yangi davlatga kirishdan bosh tortgan davrlarga borib taqaladi. 1948-yildan buyon ular qayta-qayta qo’zg’olon ko’targan, lekin natijasiz.

Beqarorlik sabab Pokiston markaziy hukumati bu qashshoq mintaqada qo’shinlarini joylashtirgan. Ammo harbiylarning qatiqqo’l siyosati tufayli aholi orasida ayirmachilik kayfiyatlari yanada kuchaymoqda, deydi mustaqil kuzatuvchilar.

May oyida viloyatning bosh vaziri etib mo’tadil qarashdagi millatchi arbob Abdul Malikning tayinlanishi yangidan umid uyg’otdi. Kasbi shifokor Abdul Malik na bir qabila yetakchisi bo’lgan, na hukmron oilalarga mansub, va shu ma’noda o’tmishda bu yuqori lavozimni egallaganlardan ajralib turadi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda u barcha balujlarni Milliy partiyaga qo’shilib, o’lkada tinchlik o’rnatishga qaratilgan urinishlarni qo’llashga undadi.

“Ular muzokaraga qo’shilishi kerak. Biz Balujiston kelajagini muhokama qilamiz. Isyonchilar istasa, Balujiston viloyatiga asos solib, xalq hokimiyatini o’rnatamiz. Axir XXI asrda yashayapmiz, demak bunday maqsadga erishsa bo’ladi. Huquqlarimizni qurol bilan emas, demokratik yo’l bilan himoya qilamiz”, - deydi siyosatchi.

Ammo uning oldida turgan vazifalar nihoyatda murakkab. So’nggi oylarda sunniy musulmon ekstremistlar Kvetta shahrida hazora shia musulmonlarining yuzlab nafarini o’ldirgani haqida xabarlar tarqaganidan keyin dinlararo ziddiyat chuqurlashdi.

Baluj siyosatchilari xavfsizlik xizmatini muxtoriyat talab qilgan faollarni maxfiy ravishda hibsga olganlik va o’ldirganlikda ayblamoqda. So’nggi yillarda viloyat bo’ylab yuzlab baluj faollarining o’q yegan tanasi ko’chalarda topilgan. Rasmiylar bu hodisalarda qo’li borligini inkor etib keladi.

Abdul Malik esa Bosh vazir Navoz Sharif rahbarligidagi federal hukumat bilan aloqada ekanini bilridib, bedarak ketgan odamlar malasini hal etishga urinayotganini aytadi.

“Balujiston muammolarini hal etish uchun federal hukumat va viloyat hukumati bir yoqadan bosh chiqarib ish tutishi kerak”, - deydi u.

Bosh vazir Navoz Sharif Balujistondagi vaziyatni yaxshilashni va’da qilgan bo’lsa-da, ko’pgina kuzatuvchilar uning harbiylarga so’zi o’tishiga ishonmaydi. Buning ustiga ayrim baluj bo’lginchilari tinchlik jarayonini qo’llamasligi mumkin.

Hududda 18 ta yirik qabila yashaydi, bir-biriga zid manfaatlarga ega, siyosiy qarashlari ham farq qiladi. Har bir qabila sardori o’zining armiyasiga ega. Manfaatlari deb ular Islomobod bilan maxfiy kelishuvga borishi ham mumkin. Bu esa nafaqat tinchlik jarayonini qiyinlashtiradi, balki korrupsiyaning chuqurlashishiga sabab bo’lib kelgan. Bundan charchagan aholi ayirmachilik g’oyalaridan qaytmoqda. Demak, deydi ayrim kuzatuvchular, Abdul Malik kabi tinchlik tarafdorlaridan umid bor.