Pokiston-Saudiya Arabistoni harbiy aloqalari kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Bluesman extraordinaire, B.B. King

Saudiya Arabistoni valiahdi Salmon ibn Abdulaziz yaqinda Pokistonga rasmiy tashrif bilan bordi. Shahzoda hukumatda bosh vazir o’rinbosari va mudofaa vaziri lavozimlarini egallaydi. Ikki davlat harbiy aloqalarni rivojlantirar ekan, ayrim tahlilchilar nazarida so’nggi paytda ular Eron yadroviy tahdidini bartaraf etishda ham hamkorlik qilishga kirishgan.

Xalqaro aloqalar va xavfsizlik bobidagi ekspertlarning aytishicha, Eron yadro dasturi uning mintaqadagi azaliy raqibi Saudiya Arabistonini harbiy salohiyatini keskin oshirishga majburlashi mumkin.

Pokistonning Saudiya Arabistonidagi sobiq elchisi Ali Sheroziy fikricha, Riyod Eron yadro dasturi bo’yicha ketayotgan xalqaro muzokaralarda tomonlar kelishib, Tehronga qo’yilgan sanksiyalar bekor qilinishidan xavotirda. Iqtisodiy salohiyati tiklangan Eron, qirollik nazarida, maxfiy ravishda yadro quroli ustida izlanishlarni davom ettirish imkoniga ega bo’ladi.

Sobiq diplomatga ko’ra, Eron yadroviy davlat bo’lishga intilmoqda. O’zini mintaqa lideri sifatida ko’ruvchi Saudiya Arabistoni qarshi chora ko’rishga majbur.

Dunyoda atom quroliga ega yagona musulmon mamlakat hamda yirik va kuchli armiyasi bor Pokiston qirolikka mudofaa ehtiyojlarini qondirishda yordam berishi mumkin.

Peshovarlik professor Sarfroz Xonning aytishicha, Eron va Saudiya Arabistoni mintaqada ko’p masalalarda chiqisha olmaydi, Pokiston esa saudiyaliklar pozitsiyasini kuchaytira oladi.

"Eron ta’siriga qarshi kurashda Riyod doim Islomoboddan yordam so’ragan", - deydi u.

Bi-Bi-Si axborot agentligining o’tgan yili xabar qilishicha, Saudiya Arabistoni Pokiston yadro quroli loyihalariga pul tikkan. Ikki davlat harbiy hamkorligi kun sayin kuchaymoqda.

Shahzoda Salmon ibn Abdulazizning Pokistonga safari chog’ida aytishicha, tomonlar mudofaa bobida aloqalarni kengaytirishga kelishib oldi. Ayni damda saudiyalik harbiy uchuvchilar Pokistonda tayyorgalikdan o’tmoqda. Bundan tashqari Islomobod zarur bo’lsa, xavfsizlikni tiklash uchun qirollikka qo’shin kiritishga rozi bo’lgan.

Pokiston Harbiy-havo kuchlarida qo’mondonlik vazifasini bajargan, endi esa tahlilchi bo’lib ishlayotgan No’mon Vazirning aytishicha, Pokiston Saudiya Arabistoniga harbiy samolyotlar sotishi mumkin.

"Pokiston samolyotlari qirollik sharoitiga mos. Ular piyoda askarlarni havodan turib qo’llab-quvvatlashga qulay", - deydi Vazir No’mon.

Biroq valiahdning Islomobodga tashrifi chog’ida qabul qilingan qo’shma bayonotda harbiy savdo haqida hech narsa deyilmagan.

Mintaqadagi ayrim tahlilchilar fikricha, Saudiya Arabistoni Pokiston bilan harbiy aloqalarni faqat Eron sabab kuchaytirayotgani yo’q. Neftga boy qirollik Islomobod yordamida qo’shni Yamanda o’rnashib olib chegara xavfsizligiga tahdid solayotgan al-Qoida jangarilariga qarshi samarali kurashmoqchi.