Pokiston: 63 ekstremistni yo'q qildik

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Vaziristonda o'zbek jangarilar hamon faol ekani aytiladi. Pokiston harbiylari vaqti-vaqti bilan ularni o'ldirganini e'lon qiladi.

Tolibonga qarshi yangi urush boshlaganini ta'kidlayotgan Pokiston hukumati 63 jangari yo'q qilindi deya bong urmoqda. Shimoliy Vaziristonda, shuningdek, Amerika dronlaridan ham ko'plab toliblar halok bo'lgan.

Kechagi hujumlarda Afg'oniston bilan chegaradosh hududlarda afg'onlar, o'zbeklar va mahalliy jangarilar nishonga olingan. 39 terroristning jasadi topildi, deydi harbiylar.

O'zbekiston islomiy harakati va u bilan aloqador boshqa guruhlarning a'zolari ham ular orasida borligi aytilmoqda.

O'tgan hafta Peshavorda toliblar xuruhi 134 bola va 16 muallimni hayotdan olib ketgan edi. Pokiston ommasi hukumatdan Tolibonga qarshi real kurash olib borishni talab qilmoqda. Shahar va qishloqlar bo'ylab namoyishlar avj olgan.

Bosh vazir Navoz Sharif terrorizmda ayblanib qo'lga olinganlar harbiy tribunallarda javobgarlikka tortiladi deydi. Aybi isbotlanganlar qatl etilishi buyurilgan.

BMT Pokistonga inson huquqlari bo'yicha majburiyatlarni eslatib, oliy jazo o'lim bo'lishi shart emas, adliya mustaqilligi ta'minlansin, deya undamoqda.