AQSh Suriyadagi aerodromga zarba berdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp 6-aprel kuni Pentagonga Suriyaning ayrim harbiy obyektlarini nishonga olishni buyurgan edi. Suriyaning zolim rahbari Bashar al-Assad o'z fuqarolariga qarshi kimyoviy qurollar ishlatmoqda; yuzlab odam nobud bo'lgan; minglab aholi azobda; Amerika bunga qarab turmaydi, deydi Tramp.

"Seshanba kuni Suriya Prezidenti Bashar al-Assad begunoh fuqarolarga qarshi dahshatli kimyoviy qurollar, zahatli gaz, qo'llagan... Bugun oqshom men qurolli kuchlarimizga Suriyadagi muayyan harbiy inshootni nishonga olishni buyurdim. Kimyoviy hujumlar manbai o'sha joydir... Kimyoviy qurollar safarbar etilishiga yo'l qo'ymaslik AQSh manfaatlari yo'lida xizmat qiladi. Bunday hujumlarning oldini olish biz uchun o'ta muhim".

O'rta dengizdagi harbiy kemalardan, xususan USS Porter va USS Ross jangovar vositalaridan raketalar safarbar etilmoqda. 59 raketa otilgan. Ular Suriya g'arbidagi havo bazasini vayron qilgan.

AQShning yetakchi respublikachi senatorlari Jon Makkeyn va Lindzi Grem bu harbiy missiyani quvvatlab chiqqan. Lekin masala Kongressda ovozga qo'yilmagan. Oq uy o'z maqsadi haqida bugun qonunchilarni xabardor qilgan. Qaror bir tomonlama qilingan va Prezident Tramp uning uchun mas'uliyatni o'z bo'yniga olib, bosh qo'mondon sifatida zarur vakolatlarga ega ekanini da'vo qilmoqda.

Assad hukumati Rossiyaga tayanib keladi. Bugun nishonga olingan bazada rus zobitlari bo'lgan. Hozircha Kreml jim.

Prezident Tramp deydiki, Suriyadagi murakkab vaziyatdan AQSh manfaatlariga bevosita zarar yetmoqda.

Bugun Florida shtatida Xitoy rahbari Si Zinpin bilan muzokara olib borgan Tramp Suriyaga hujum qilish arafasida ekani haqida og'iz ochmagan.

Oq uy uchun kurashayotgan paytda Tramp Assadning qora ishlariga qarab o'tirmasligini aytgan edi. Yetti yildan beri davom etayotgan urushda minglab insonlar o'lgan, millionlab odamlar uy-joysiz qolgan, millionlab suriyaliklar xorijda qochqin.

Tramp deydiki, Suriyada insoniyatga qarshi jinoyatlar amalga oshirilmoqda va har narsaning chegarasi bor.

Oldingi prezident ham 2013-yilda Assad kuchlarini nishonga olish haqida o'ylangan va keyinchalik bu niyatidan qaytgan edi. Uning fikricha, bu mojaro bir davlat emas, xalqaro hamjamiyat tomonidan hal etilishi kerak.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson

Davlat kotibi Reks Tillerson Assad ketishi kerak degan talabni qo'ymoqda.

Uning fikricha, Rossiya Suriya rahbarini qanchalik himoya qilmasin, u hokimiyatda ekan, tinchlikka erishish mumkin emas. Assad bilan murosa qilib bo'lmaydi.

Bir necha kundan beri Suriyadan kimyoviy moddalardan, gazlardan zaharlangan odamlarning tasvirlari kelmoqda va Amerika matbuoti vaziyatni tinimsiz yoritmoqda.

Idlib viloyatida kimyoviy moddalardan zaharlangan odamlar

Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim deydiki, hukumat hech qanday kimyoviy qurollar ishlatmagan.

Mutaxassislar tahlilicha, Assad bu moddalarni Rossiya bilan maslahatsiz ishlata olmaydi, chunki bu borada u Kremlga tobe.

Idlib viloyatidagi manzara

Kremlning ishonch bildirishicha, Assad kimyoviy qurollarni ishga solmagan. Bugungi vaziyat tekshirilishi kerak, deydi rus rasmiylari.

Kecha Iordaniya qiroli Abdulla Vashingtonda Tramp bilan muloqot qilar ekan, Assadni qoralab, u hokimiyatdan allaqachon ketishi kerak edi, degan.

Britaniya, Fransiya va AQSh kecha BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiyani keskin tanqid qilib, Kremlni Assadni so'zsiz quvvatlashni to'xtatishga chaqirgan.