Yaqin Sharqda falajga qarshi emlash ishlari avjida

  • Amerika Ovozi
Yaqin Sharqda poliomelit, falajga qarshi emlash ishlari avjida. Mintaqada yashovchi 23 million bolaga dori yetkaziladi. Epidemiya Suriyada 17 bolani hayotdan olib ketgan, hozir mintaqa bo’ylab kampaniyaning ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda.

Tibbiyot xodimlari Yaqin Sharqning yetti mamlakatida beshga to’lmagan har bir bolani emlashi kerak. Suriyadagi urush sababli bu maqsadga erishish oson bo’lmaydi.

UNICEF, BMT Bolalar jamg’armasi rasmiysi Juliyet Tumaning bildirishicha, kampaniyasining birinchi bosqichi doirasida o’tgan oy 2 milliondan ortiq suriyalik bolalarga vaksina yetkazilgan.

“Ulardan 600 ming nafari jang ketayotgan hududlarda yashaydi, ancha qiyin bo’ldi. Xalqaro tashkilotlar yetib bora olmaydigan mahallalar qancha. Ishimizning ikkinchi bosqichida ana shu yopiq joylarda yashaydigan oilalarni vaksinalash niyatidamiz”, - deydi u.

Suriyadagi ayrim muxolif guruhlar dori ololmaganidan shikoyat qilmoqda. Chunki BMT agentliklari odatda hukumatlar bilan birga ishlaydi, deydi ular.

Juliyet Tuma UNICEF barcha taraflar bilan muzokara olib borayotganini aytadi.

“Bizga va’da berishsin. Bolalar qayerda bo’lmasin, oilasining siyosiy qarashlaridan qat’i nazar har bir xonadonga yetib borishimizni ta’minlashsin. Axir poliomiyelit chegara bilmaydi, viza talab qilmaydi. Uni chegara punktlari bilan to’xtatib qololmaysiz”, - deydi BMT rasmiysi.

Bu xavfli yuqumli kasallik virusi suv va ovqat orqali tarqaladi. Qurbonlar asosan bolalar.

Kasallikdan saqlanish uchun bir necha marta emlanish kerak. Bir hafta davom etishi kutilayotgan hozirgi bosqichdan keyin bolalarni yana to’rt marta emlash rejalashtirilgan.

Urush va nizolar paytida poliomiyelit tarqalishi hollari ko’payishi mumkin.

“Suriyada 1999-yildan buyon falaj kuzatilmagan edi. Kutilmaganda shundoq ham aziyat chekayotgan bolalar orasida bu kasallik tarqala boshladi”, - deydi UNICEF vakili.

O’tgan yili dunyo bo’ylab shol kasalligining 205 holi qayd etilgan bo’lsa, joriy yilda bu raqam 355 ga yetdi.