Pompeo Xitoyni koronavirusni yaratganlikda ayblashda davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Koronavirusning qanday paydo bo’lgani AQSh va Xitoy munozarasiga sabab bo’lmoqda. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo virusning Uxandagi laboratoriyada yaratilganiga dalillar bor, deydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 7-may, 2020-yil

“Buni hal qilishning bir yo’li bor. Xitoy Kommunistik partiyasi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti oldidagi majburiyatlariga muvofiq ochiq, shaffof bo’lishi, hozirgiga o’xshagan pandemiya nazoratdan chiqmasligi uchun boshqa davlatlar qilayotgan oddiy narsalarni qilishi kerak”, - deydi Pompeo.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Amerika rasmiysini ichki siyosiy maqsadlarda o’yin qilayotganlikda aybladi.

“Janob Pompeo virus qanday paydo bo’lgani haqida ko’p gapiradi, ammo biror dalil keltirmaydi, chunki bu narsaning o’zi yo’q. Masala bilan olimlar va tibbiy nazorat mutaxassislari shug’ullanishi kerak, siyosatchilar esa ichki siyosat ehtiyojlari uchun yolg’on so’zlamasligi zarur”, - dedi vazirlik vakili Xua Chunyin.

Germaniya, Britaniya, Avstraliya kabi mamlakatlar virus Uxanda qanday paydo bo’lganini bilishni istaydi.

Pompeoning aytishicha, Xitoy o’z olimlariga gapirishga ruxsat berishi kerak.

“Odamlarimiz salomatligini ta’minlashimiz uchun Xitoy virus izolyatlari, klinik namunalar, 2019-yil dekabrida virusga chalingan ko’plab odamlar, xususan ilk bemor haqidagi ma’lumotlar bilan o’rtoqlashishdan bosh tortmoqda”, - deydi Pompeo.

Unga ko’ra, Xitoydan shaffoflikni talab qilishdan maqsad siyosat emas, balki insonlar hayotini asrash.