So'rov: Bahsda Klintonning qo'li baland keldi

  • Amerika Ovozi

Kovingtonning so'zlariga ko'ra, prezident davlat manfaatlariga doir har qanday savolga istagan payt aniq javob bera olishi kerak. Klinton buni uddaladi, deydi u. 

"Si-En-En" va boshqa manbalar o'tkazgan ijtimoiy so'rovlar natijalariga ko'ra, dushanba kungi debatlarda Xillari Klinton g'alaba qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda kayfiyatni tahlil qiladigan "Talkwaker" saytiga ko'ra, bahsdan oldin #NeverHillary (Xillariga yo'q deng) so'z birikmasi #NeverTrump (Trampga yo'q deng) so'z birikmasidan ancha ko'p (66 ga 34 nisbatda) uchragan. Debatdan so'ng esa Klintonning tarafdorlari soni 68, Tramp tarafidagilar 32 foizga tushgan.

(https://www.talkwalker.com/live-social-media-insights/2016-us-election-dashboard-social-media )

Ayova Universitetidan siyosiy fanlar bo'yicha professor Keri Kovingtonning aytishicha, Tramp "juda o'ziga ishongan, kuchli" bo'lib ko'ringan bo'lsa, Klinton "bosiq, vazmin, vaziyatni nazorat qiladigan bir arbob" sifatida namoyon bo'ldi.

Kovingtonning so'zlariga ko'ra, prezident davlat manfaatlariga doir har qanday savolga istagan payt aniq javob bera olishi kerak. Klinton buni uddaladi, deydi u.

Bahsdan keyin har ikki arbob qilgan ishidan mamnun ekanini ta'kidladi. Klinton kayfiyati zo'r ekanini aytsa, Tramp o'zini g'olib deya e'lon qilgan.

Deyvid Pluf Prezident Barak Obamaning 2008-yilgi saylovoldi kampaniyasida siyosiy strateg bo'lib ishlagan. Uningcha, Tramp fikrini bir joyga qo'yishi qiyin.

Nyu-York sobiq meri, respublikachi Rudolf Juliani nazarida Tramp bahsda qoyilmaqom ish qildi. U mamlakatda qonun ustuvorligini, iqtisodiy o'sishni ta'minlab bera oladi, deydi Juliani.

Klinton haqida esa Juliani salbiy fikrda. "Davlat kotibi sifatida bo'shanglik qildi. Iqtisodiyotda no'noq. Bizneslarga ko'proq soliq solib, qanday qilib mamlakatda ish o'rinlarini saqlab qolmoqchi u?" deya tanqid qildi sobiq mer Klintonni.

Keyingi debatlar 9-oktabrda o'tadi. Tramp vitse-prezidentlik uchun tangana Mayk Pens va Klinton o'rinbosarlikka tanlagan Tim Keyn 4-oktabrda bahs qiladi.