Rossiya matbuoti: Putinga suiqasd rejasi fosh qilindi

  • Amerika Ovozi

Vladimir Putin 4-mart kuni prezident poygalarida g'alaba qilsa, olti yillik muddatni ikki bor qo'lga kiritib 2024-yilgacha davlat tepasida qolishi mumkin.

Rossiya televideniyesi Bosh vazir Vladimir Putin hayotiga suiqasd rejalash gumoni bilan bir guruh hibsga olingani haqida xabar bermoqda.

Hujumni 4-mart, prezident saylovlari kunidan keyin ko’zlagan bu odamlar Ukrainaning Odessa shahrida ushlangan, deyiladi Birinchi Kanal (Первый Канал) xabarida.

Ukraina xavfsizlik xizmatining bildirishicha, Shimoliy Kavkazda islomiy tizim yaratishni maqsad qilgan uyushmaga a'zo bu shaxslar yil boshida Odessadagi uylarning birida portlovchi moslamani sinayotgan payt qo’lga tushgan.

Avvaliga gaz portlashi bilan izohlangan voqea so'rovlardan keyin Rossiya bosh vaziriga suiqasddan oldin mashq ekani aniqlangan, deydi rasmiylar. Guruh bosh vazirning kun tartibi, qayerga borib-kelishini kuzatib borgan.

Operatsiyani rus va ukrain xavfsizlik xizmatlari birga o'tkazgan.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lumotni tasdiqladi.

59 yoshli Putin hafta oxirida o’tishi kutilayotgan prezident saylovlarida g’alaba qilishi aniq, deydi tahlilchilar.