Raqqani ozod etish amaliyoti boshlandi

  • Amerika Ovozi

Raqqaga qarshi amaliyotni Suriya demokratik kuchlari olib bormoqda.

AQSh quvvatlovidagi Suriya demokratik kuchlari (SDK) 6-iyun kuni "Islomiy davlat"ning asosiy tayanchi bo'lgan Raqqa shahriga qarshi hujumlarni boshladi.

Mahalliy kurdlardan tashkil topgn SDK bu hujumga o'tgan yilning noyabridan beri tayyorgarlik ko'rib keladi. Shahar 2014-yildan beri jangarilar qo'lida.

"Islomiy davlat"ga qarshi AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya qo'mondoni general-leytenant Stiv Taunsendning aytishicha, Raqqa amaliyoti uzoq davom etadi va murakkab kechadi, ammo guruhga qaqshatqich zarba bo'ladi.

"Ular Iroq va Suriyadagi egiz "poytaxtlar"ini boy bergandan so'ng guruhga yangi odamlarni yollashlari qiyin bo'ladi," - deydi Taunsend.

Iroq kuchlari ayni paytda Musulning qolgan qismini jangarilardan tozalash bilan band.

Koalitsiya Raqqani egallash amaliyotida SDKni qurol-aslaha, harbiy tayyorgarlik, razvedka ma'lumotlari va yuk tashish xizmatlari bilan ta'minlashda davom etadi.

Britaniyada joylashgan Inson huquqlari bo'yicha Suriya kuztuv markazining aytishicha, 6-iyun kuni SDK jangchilari Raqqaning sharqiy va shimoliy hududlaridan hujum boshlagan.

Raqqa Suriyada kurashayotgan turli guruhlar o'rtasida ziddiyatli mavzu. Turkiya shaharda SDK ta'sirining oshishidan xavotirda. Anqaraga ko'ra, bu guruh taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador.

Xalqaro koalitsiyaning aytishicha, Raqqa egallangach, uning boshqaruvi SDK qo'liga o'tmaydi, balki mahalliy aholiga topshiriladi.

Suriya bo'yicha tahlilchi Deyvid Leschning aytishicha, bundan buyon Raqqani kim boshqarishi asosiy muhokama mavzusi bo'ladi.

"Javobini kutayotgan savollar ko'p. Raqqa ozod etilgach, uni kim nazorat qilishi diplomatik to'qnashuvlar mavzusiga aylanishi mumkin. Bu Suriya demokratik kuchlari bo'ladimi? Turkiyaning ishtiroki qanday bo'ladi? Suriya rejimichi? Rossiya nima qiladi, degan savollar bor", - deydi tadqiqotchi.