Ukrainaning istilo qilingan hududlari shu hafta Rossiya tarkibiga kiritilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Bugun Ukrainaning Rossiya qo’shinlari nazoratidagi to’rt viloyatida Rossiya tarkibiga kirish bo’yicha referendumning so’nggi kuni edi. Ovozlar berildi, end navbat hisobga.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-sentabr, 2022-yil

Ma’lumotlarga ko’ra, aholi tadbirda faol bo’ldi, Rossiyaga qo’shilishga oshiqmoqda. Saylov mutasaddilarining ma’lum qilishicha, referendumda Donetsk, Lugansk, Zaporojye va Xerson viloyatlarida ro’yxatga olingan saylovchilarning 90 foizidan oshig’i qatnashgan.

"Tinchlik bo’lishini istayman. O’tirib muzokara qilishsin, qon to’kilmasin. O’g’lim ulkan va endilikda birlashgan umumiy vatanimiz – Rossiya chegaralarini qo’riqlayapti”, - deydi referendumda qatnashgan Lyudmila ismli donetsklik bir ayol.

Ukraina, G’arb mamlakatlari, AQSh referendumlarni qoralab, ularning natijasini tan olmasligini bildirgan.

Juma kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin parlamentga murojaat qilishi kutilmoqda. Aynan shu kuni u ushbu hududlarning Rossiya tarkibiga kiritilganini e’lon qilishi aytilyapti.

Shundan so’ng Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti yangi bosqichga chiqishi mumkin, chunki Ukraina qurolli kuchlarining undan ajralgan viloyatlariga hujumi Rossiyaga qarshi hujum bilan teng ko’riladi. Moskva bunga qanday javob berishi hozircha ma’lum emas.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Yevropa Ittifoqini Rossiyaga qo’shimcha iqtisodiy sanksiyalar qo’yishga chaqirdi. Bugun u Kiyevda Fransiya Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Kolonna bilan uchrashdi.

"Referendum deb ataluvchi bunday tadbirlarga qancha yumshoq munosabat bildirilsa, Rossiya shuncha qattiq harakat qilib, hududlarni anneksiya qilishga zo’r beradi. Sanksiyalarning sakkizinchi paketi qanday bo’lishiga qarab Yevropa Ittifoqining referendumlarga munosabatini bilsak bo’ladi”, - deydi Kuleba.

Yevropa Ittifoqi a’zolari orasidagi kelishmovchiliklar sabab tashkilot Rossiya nefti narxiga cheklov qo’yishga ojizlik qildi.

Bu o’rtada yil boshida qurilishi bitkazilgan, ammo Rossiyaning Ukrainaga hujumi sabab ishga tushirilmagan “Shimoliy oqim-2” quvuri zarar ko’rib, gaz chiqishi qayd etildi. Unga parallel yotqizilgan “Shimoliy oqim-1” quvurida ham shu avhol. Rossiyadan Boltiq dengizi tubi orqali Germaniyaga uzatilgan bu ikki quvur gazga to’la bo’lsa-da, qit’aga yoqilg’i uzatilmayapti.

Rossiyaga ko’ra, G’arb sanksiyalari sabab vujudga kelgan texnik muammolar oqibatida o’tgan oy “Shimoliy oqim-1” quvuri bo’yicha gaz oqimi to’xtatilgan.

Shvetsiyalik seysmologlar quvurlar joylashgan hududda ikkita portlash qayd etgan. Ba’zi kuzatuvchilar qo’poruvchilik harakatiga ishora qilmoqda.

Bugun Polsha va Daniya bosh vazirlari Norvegiya tabbiy gazini Daniya orqali Polshaga yetkazuvchi yangi quvurning ochilish marosimida qatnashdi. Rossiyadan Yevropa tomon yoqilg’i keskin kamaygan bir paytda Boltiq quvurining har qachongidan muhim ekani aytiladi.