Respublikachilar qurultoyining 3-kuni qanday o'tdi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Respublikachilar partiyasining vitse-prezidentlikka nomzodligini qabul qildi. U saylovoldi qurultoy delegatlariga Baltimor shahridagi tarixiy qal’adan turib murojaat qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 27-avgust, 2020-yil

1814-yilda britan floti “MakGenri” qal’asi uchun jangda mag’lub bo’lgan edi.

“Prezident Donald Trampning menga bo’lgan ishonchiga minnatdorchilik hissi bilan, Respublikachilar partiyasining madadi va Yaratganning inoyati bilan AQSh vitse-prezidentligiga nomzodlikni kamtarlik bilan qabul qilaman”, - dedi Pens.

Qurultoyning uchinchi kunida ba’zan zo’ravon namoyishchilar bilan yuzlashishga majbur bo’layotgan politsiyachilarning vatanparvarligini olqishlovchi bayonotlar yangradi.

“Zo’ravonlik keng tarqaldi. Talon-taroj, taribsizlik, vayronagarchilik”, - dedi Janubiy Dakota gubernatori Kristi Noem.

Tennesilik senator ham shu mavzuda gapirdi.

“Huquq-tartibot idoralari vakillari va harbiylarimiz qahramonlardir. So’lchilar esa ularni ablah qilib ko’rsatishga harakat qildi”, - dedi Marsha Blekburn.

So’zga chiqqan delegatlar demokratlardan prezidentlikka va vitse-prezidentlikka nomzodlar Jo Bayden va Kamala Harrisni tanqid qildi.

“Prezident Tramp politsiyachilarga mojarolarni zo’ravonliksiz hal qilishga imkon beruvchi yangi yo’riqnoma yaratishni buyurgan”, - dedi Milliy politsiya tashkilotlari uyushmasidan Maykl Makxeyl.

Bayden politsiya byudjetini kamaytirish talablariga ko’nmasligini bildirib, posbonlarning mahallalar bilan hamkorligini oshirish, ruhiy salomatlik bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar ishi uchun pulni ko’paytirishga chaqirmoqda.

"Politsiya pulini kesish to’g’rimas. Politsiya idoralariga qo’shimcha yordam kerak. Biz mahallalarni, odamlarni qo’riqlashga harakat qilishimiz kerak”, - deydi Bayden.

Trampni qo’llab-quvvatlayotgan faxriy harbiylar ham respublikachilar qurultoyida so’zga chiqdi. Xitoylik dissident Chen Guanchen Baydenni Xitoy Kommunistik partiyasi ko’nglini ovlashga harakat qilayotganlikda aybladi.

Trampning kelini Lara prezidentning boshqa oila a’zolari kabi ma’ruza qildi. Vitse-prezidentning rafiqasi, maktab o’qituvchisi Karen Pens ham delegatlarga murojaat qildi.

“Jo Bayden hozirgi davrni zulmat deya ta’rifladi. Biroq Prezident Tramp aytganidek, Bayden zulmat ko’rgan joyda Tramp Amerika buyukligini ko’rmoqda”, - dedi u.

Bugun qurultoyning so’nggi kunida ham Tramp ma’ruza qiladi.