Tahlilchilar: Putin boshqaruvi ostida o'zgarish kutmang

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiyada 18-mart kuni o’tgan prezidentlik saylovi natijasi rossiyaliklar uchun ham, G’arb ommasi uchun ham oldindan ma’lum edi. Vladimir Putin yana olti yil davlatni boshqaradi. Kremlga ko’ra, saylov adolatli va shaffof o’tdi. Ayrim kuzatuvchilar esa 2024-yilda hokimiyat uchun kurash avj olishini bashorat qilmoqda.

Vladimir Putin hokimiyatda qolganidan hech kim hayron emas. Bu uning prezident sifatida to’rtinchi bor saylanishi. Putin so’zlovchisi Dmitriy Peskov natijani shunday sharhlaydi:

“18-mart kuni o’tgan saylovlar Rossiya jamiyati birdam ekanini ko’rsatdi. Birdamlik kimningdir hujumlari tufayli emas, mamlakat rivojlanib borayotgani sabab yuzaga kelgan. Saylov natijasi buni ko’rsatib turibdi”, - deydi u.

Ko’pchilik bu fikrdan yiroq. Yaqinda rossiyalik bir necha progressiv siyosatshunoslar “Amerika Ovozi” Rus xizmati bilan suhbatlashdi, jumladan, Dmitriy Oreshkin.

“Putin yutdi. Lekin saylov Sovet paytlaridagidek o’tdi. Unga alternativ nomzodlar yo’q edi. Sovet paytida ham byulletenda bitta ism bo’lardi. Ikkinchidan, elektoratni saylov uchastkalariga olib kelishdi. Odamlar o’z fikrini aytishga qo’rqadi. Boshliq nima desa, shuni qilishadi”, - deydi Oreshkin.

Tahlilchi Yekaterina Shulman saylov haqqoniy o’tganiga ishonmaydi.

“Saylovdan keyin Rossiya mudofaa vazirining bayonoti mashmashaga sabab bo’ldi. Vazirning so’zlariga ko’ra, harbiylar va oila a’zolarining 99 foizi saylovda ishtirok etgan, 89 foizi oliy qo’mondonga ovoz bergan emish. Vazir buni qayerdan bila qoldi”, - deb so’raydi Shulman. “Harbiylar ham hamma qatori ovoz beradi. Kim kimga ovoz berganini hech kim bilmaydi. Demak, bayonot yolg’on yoki qonunlar buzilgan”.

Dmitriy Oreshkin Rossiya kelajagiga pessimistik ruhda qaraydi. Unga ko’ra, Putin boshqaruvi ostida o’zgarish kutmasa ham bo’ladi. Xo’sh, 2024-yilda uning muddati tugagandan keyin nima kutish mumkin?

Oreshkin fikricha, Putinning davomchisi faqat Putin bo’ladi. “Qaysi lavozimda bo’lishini bilmaymiz. Bosh vazir yoki yana prezident. Shunisi aniqki, yildan yilga uning ketishi qiyinlashaveradi”, - deydi u.

Oreshkinga ko’ra, boshqa odam saylangan taqdirda ham elitaga yoqishi va Putinga sodiq ekanini ko’rsatishi lozim bo’ladi.