Peterburg - sayyohlarni o'ziga rom qilayotgan shahar

  • Amerika Ovozi
Pyotr Birinchi bunyod etgan, Rossiyaning Yevropaga darchasi sanalgan Sankt-Peterburg endi Rossiya darvozasiga aylanmoqda.

Poyezd, samolyot va kemalarda shaharga shu yilning o’zida 6 million sayyoh kelishi kutilmoqda. Bu Moskvaga boradigan turistlar sonidan ko’proq.

Kanal va ko’priklari bilan mashhur Sankt-Peterburgni Shimol Venetsiyasi ham deyishadi. Sayyohlar shahar aholisidan ko’p ekan, Rossiyaning madaniy poytaxti Venetsiya bilan bemalol bellasha oladi.

Emiliya - rimlik turist.

“Sankt-Peterburgda qiziqarli joylar ko’p. Shahar juda go’zal. Odamlar ham menga yoqdi. Yordamini ayamas ekan”, - deydi u.

Yaqinda bu yerda kemalar uchun yangi port ochildi. Bir vaqtning o’zida yetti kema sig’adi.

Rossiya hukumati barcha sohalarni qattiq nazorat qilishga intilishi bilan tanilgan. Ayni vaqtda qulayliklar ham bor, masalan, xorijiy kemalar sayyohlari shaharda uch kun vizasiz bemalol sayr qilishi mumkin.

Uch asr avval Buyuk Pyotr asos solgan bu shahar boy tarixga ega. 1917-yil inqilobi, undan oldin va keyingi davr… Sayyohlar uchun hammasi qiziq. Ermitaj muzeyini aytmaysizmi! Dunyodagi eng mashhur muzeylardan.

Anya – rossiyalik turist. Shahar tarixini qiziqish bilan o’rgangan.

“Men Peterburgni juda yaxshi ko’raman, ayniqsa, saroylarini. Eski zamonlarga qaytgandek bo’lasiz. O’sha davr odamlari, kiyimlari gavdalanadi ko’z oldingizda. Juda qiziq”.

Aleksandr III otasi xotirasiga qurdirgan cherkov

1883-yilda Aleksandr III otasi Aleksandr II vafot etgan joyda (podshoh anarxistlar sodir etgan portlash oqibatida jon bergan) yangi cherkov qurishni buyurgan.

O’zbekistonlik Katya cherkovni katta qiziqish bilan tomosha qilyapti.

“Bu shaharni ko’plar yaxshi ko’radi, chunki bu yerda o’tmishga sayohat qilgandek bo’lasiz. Jinsi va krossovkada bo’lsangiz ham XVIII yoki XIX-asrga qaytgandek bo’lasiz”, - deydi u.

Sankt-Peterburg aeroportida shu yilning o’zida xalqaro reyslar soni 25 foizga oshdi. O’sib borayotgan ehtiyojlarni tushungan hukumat yangi aeroport qurishni rejalamoqda. Bu maqsadda 1,5 milliard dollar ajratildi.

Prezident Vladimir Putin va bosh vazir Dmitriy Medvedevlar shaharga alohida e’tibor beradi.

O’zgarishlar yaqqol ko’zga tashlanadi, deydi Katya.

“Shahar yaxshi tarafga o’zgaryapti. Qayta qurish, obodonlashtirish ishlari avjida. Hamma narsa yaltirab turgandek”.

Rossiyaning boshqa shaharlarida topilmaydigan mehmondo’stlik va xursandchilikni Peterburgdan topasiz, deydi sayyohlar.