Yevropaning Ukrainaga yangi moliyaviy yordami. Ozarbayjon bilan gaz kelishuvi. Ukrainada kadrlar almashinuvi

  • Amerika Ovozi

Bugun Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Bryusselda to’planib, Ukraina uchun 500 million yevro miqdorida navbatdagi moliyaviy va harbiy yordamni ma’qulladi, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning navbatdagi paketini muhokama qildi. Xususan Rossiyadan oltin importini taqiqlash masalasi muhokamada.

Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar G’arbning o’ziga ham zarar qilayotgan bo’lsa-da, ittifoqning tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrelning aytishicha, ularni joriy etish to’g’ri qaror bo’lgan.

"Yevropaning ayrim rahbarlari sanksiya qo’yish xato bo’lganini aytadi. Men bunday deb hisoblamayman. Biz shunday qilishga majbur bo’ldik va shunday qilishda davom etamiz”, - dedi rasmiy.

Rossiya nefti va gaziga tobelikdan qutulishga harakat qilayotgan tashkilot Ozarbayjondan gaz importini oshirishga kelishib oldi. Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Leyen Bokuda bo’lib, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan shu haqda bitim imzoladi. Kelishuvga ko’ra, Yevropaga o’tgan yili 8 milliard kubometr gaz uzatgan Ozarbayjon joriy yilda import hajmini 1,5 baravar, 2027-yilga borib esa ikki baravar oshirishi kutilmoqda.

Rossiya misli ko’rilmagan sanksiyalar ko’lami bilan yuzlashayotganiga qaramay, Ukrainadagi harbiy harakatlarini to’xtatish u yoqda tursin, aksincha kuchaytirishga qaror qildi.

Rus armiyasi Ukraina sharqidagi Donetsk viloyatini o’z nazoratiga to’liq olishga harakat qilarkan, Mudofaa vazirligi bugun Konstantinovka shahrida xorijiy jangarilar joylashuviga zarba natijasida 250 taga yaqin jangchi, bundan bir kun oldin esa AQSh Ukrainaga yetkazgan HIMARS raketa sistemasi hamda kemaga qarshi “Garpun” sistemasi raketalari saqlangan ombor yo’q qilinganini ma’lum qildi.

Bugun Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainada bo’lib, u yerda jang qilayotgan “Vostok” qo’shinlar guruhini ko’zdan kechirdi, uning qo’mondoni general-leytenant Rustam Murodovga Ukraina armiyasiga qarshi hujumlarni kuchaytirib, Donbass shaharlarini nishonga olayotgan uzoq masofali raketa va artilleriya tizimlarini yo’q qilishni buyurdi. Bundan bir kun oldin Shoygu “Janub” va “Markaz” qo’shinlar guruhlari qo’mondonlari bilan ham gaplashgan.

Vazir Donbassda chekinayotgan ukrain qo’shinlarini bug’doy dalalariga o’t qo’yayotganlikda aybladi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat xavfsizlik xizmati va bosh prokuraturasida Rossiyaga xayrixoh amaldorlar borligiga ishora qilarkan, bu ikki idora rahbarini ishdan bo’shatdi, jumladan bolalik do’sti va sahnadagi hamkori, xavfsizlik xizmatini boshqargan Ivan Bakanovni.

Zelenskiyga ko’ra, tergovchilar bu idoralarda 650 dan ortiq xiyonat holatlarini fosh qilgan, xodimlarning Rossiya bilan hamkorlik qilgani ma’lum bo’ldi, Rossiya armiyasi qo’lga kiritgan hududlarda xavfsizlik xizmati va bosh prokuraturaning 60 dan ziyod xodimi endilikda Ukrainaga qarshi ish olib borayotgani aytilmoqda.

Janubdagi Xerson viloyatining mart boshida osonlikcha ruslar qo’liga o’tgani ham xiyonat holatlari bilan izohlanyapti.