Saudiya Arabistoni qiroli Salmon to'rt kunlik tashrif bilan Rossiyada

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni Qiroli Salmon (chapda) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan, Moskva, Rossiya, 5-oktabr, 2017-yil.

Saudiya Arabistoni Qiroli Salmon to'rt kunlik tashrif bilan Rossiyaga keldi. Bu o'lka monarxi tarixda ilk bor Moskvada bo'lmoqda. Tashrif davomida qirol Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, bir qator masalalarni, xususan, neft va Suriya mavzularini muhokama qilishi kutilyapti.

Jahon bozorida neft narxi tushib borayotgan bir paytda ikki tarixiy raqib aloqalarini yaxshilash yo'llarini qidirmoqda.

Sovuq urush davrida Riyod sovetlar bosqiniga qarshi afg'on isyonchilarini qo'llab-quvvatlagan edi.

Suriya urushida ham Kreml Prezident Bashar al-Assad rejimini himoya qilgan bo'lsa, Saudiya Arabistoni isyonchilarni yoqladi.

O'tgan yili noyabrda neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlardan iborat OPEK tashkiloti a'zolari, xususan, Rossiya va Saudiya Arabistoni narxlarning yanada tushib ketishini to'xtatish uchun neft qazib chiqarish hajmini kamaytirishga kelishib oldi.

Moskvadagi uchrashuvlarda bir qator sohalarda, jumladan, atom energiyasi texnologiyalari, oziq-ovqat eksporti bo'yicha shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Putinning aytishicha, Saudiyaning AQShga yaqinligi Kreml va Riyod o'rtasida hamkorlik o'rnatishga to'siq bo'la olmaydi. Dunyoda hech narsa o'zgarmasdan qolmaydi, dedi Rossiya rahbari.