Sobiq rasmiy: AQSh Shanxay blokiga kirishga intilmagan

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 2014-yilgi sammiti Tojikistonda o'tgan

23-24 iyun kunlari Toshkentda sammit o'tkazgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti 1996-yilda Shanxay shahrida tuzilgan va Xitoyni u bilan chegaradosh to’rt davlat bilan birlashtirgan. Keyinchalik u O’zbekiston hisobiga kengaydi va bugunga kelib, Hindiston va Pokistonni ham o’z ichiga olishga bel bog’lagan. Lekin blok faoliyatini kuzatib kelayotgan g’arblik ekspertlar ulkan o’zgarishlar kutmayapti.

Evan Faygenbaum, Xitoy bo’yicha global maydonda tanilgan mutaxassis, sobiq diplomat. Faygenbaum hozirda Chikago universitetida Polson institutini boshqaradi. Bu maskanning asosiy e’tibori Amerika-Xitoy hamkorligini mustahkamlashda. Faygenbaum uzoq yillar Davlat departamentida Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyo hamda Janubi-sharqiy Osiyo masalalari bilan shug’ullangan, bu mintaqalarga bosh diplomat vasifasini o’tagan.

Xitoy va Hindistonga tez-tez borib turadigan Faygenbaumdan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining roli haqida so’raganimizda, quyidagicha javob beradi:

“Shanxay Hamkorlik Tashkilotining maqsadi va faoliyati hech qachon oydin bo’lmagan. Hindiston va Pokiston hisobiga kengayib, yanada murakkablashadi va muddaosi yanada noaniq, samarasiz va foydasiz organga aylanadi”,- deydi Faygenbaum.

Tashkilot o’zini a’zolar farovonligi va xavfsizligi uchun xizmat qiladigan organ deb biladi. Lekin 20 yillik faoliyatiga qarasak, missiya amalda doimiy ravishda o’zgarib turganini, uning doirasidagi mamlakatlar o’rtasida integratsion jarayonlar emas, ikki tomonlama aloqalarga asoslangan dinamikani ko’ramiz, deydi Faygenbaum.

Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyodagi vaziyatni turlicha ko’radi. Kreml mintaqa tobora beqaror deya xavotir bildirsa, Xitoy unga tobora mustahkam, har jihatdan salohiyatli mamlakatlar, o’zining yaqin iqtisodiy hamkori sifatida qaraydi. Rossiya ham bu respublikalar bilan rishtalarni rivojlantirishni, o’z ta’sir kuchini saqlab qolishni istaydi. Lekin Shanxay Hamkorlik Tashkiloti asosan Xitoyga xizmat qiladi.

Pekin o’z ta’sir vositalarini ko’paytirish va ularni qo’llashda boshqalardan ancha oldinda, deydi Faygenbaum. Shanxay bloki uning qo’lidagi yagona mexanizm emas. Banklar, moliyaviy tizimlar va koordinatsion organlar mavjud.

Xitoy dunyoning bu qismidagi eng katta kuch ekan, mamlakatlar oldida bu blokka kirishdan boshqa yo’l yo’q. Kirsa, katta siyosiy davrada o’tiradi, o’z pozitsiyasini bildirish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Mintaqadagi ayrim ekspertlar nazarida Rossiya va Xitoydek yirik davlatlar orasidagi o’ziga xos raqobatdan foyda ko’rish mumkin. Qanday qilib deb so’rasangiz, mahalliy mutaxassislardan aniq javob olmaysiz.

“Hindiston va Pokiston bu blokka kirib, qadim Ipak yo’lida joylashgan va mushtarak tarixga ega jamiyatlar bilan aloqalarni mustahkamlamoqchi”,- deydi Faygenbaum.

Biroq Hindiston bunga Shanxay tashkilotiga kirmay ham erishishi mumkin. Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlari xohlasa va harakat qilsa, o’z mintaqaviy organlarini tuzib, o’zaro masalalarni muhokama qiluvchi sahna barpo eta oladi.

Evan Feygenbaum uzoq yillar AQSh Davlat departamentida ishlagan, Janubi-sharqiy Osiyo, Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat bo'lgan. Hozirda Chikago universitetida tahlil markazini boshqaradi. Xitoyshunos olim.

Nazorat tizgini, deydi Faygenbaym, Xitoy qo’lida. Atrofdagi davlatlar buni tushunadi va ularning alohida organlar tuzishga xoli va irodasi yo’q.

Shunday ekan, umuman olganda, Shanxayga kirsak, oz bo’lsa-da yutamiz; qarab tursak, faqat yutqazamiz, degan qarash hukmron.

Mintaqa rasmiylari uchun blok siyosiy platforma, a’zolik esa strategik imkoniyat.

Xo’sh, tashkilot shu paytgacha nimani epladi?

Terrorizmga qarshi umumiy tizim mavjud, deydi mutasaddilar. Uning asosiy idorasi Toshkentda joylashgan. Shuningdek, vaqti-vaqti bilan tashkilot a’zolari bir ovozdan yirik xalqaro masalalarda o’z pozitsiyasini bayon etib turadi.

2000-yillarning o’rtalarida, deya eslaydi Faygenbaum, Shanxay-6 AQSh Afg’onistondagi harbiy harakatlarini tugatish uchun muddat belgilasin deb chiqqan va bu chaqiriq Vashingtonda ancha shov-shuvga sabab bo’lgan, Amerikani sergak torttirgan.

Qizig’i, Shanxay-6 ichidagi davlatlar, xususan Markaziy Osiyo respublikalari Amerikaning Afg’oniston bo’yicha hamkori edi. 2009-yilda prezident yangilandi va Barak Obama boshliq ma’muriyat hamkorlikning yangi sahifasini ochdi. O’zbekiston va qo’shnilar Pentagon bilan yaqindan ishlay boshladi. Afg’onistondagi xalqaro koalitsiyaga zarur yuk yetkazishda mintaqa muhim rol o’ynadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Vashington uchun dolzarb masala emas. Amerika bu blokni biladi, kuzatadi, bayonotlar e’tibordan chetda qolmaydi. Lekin AQSh uning har bir a’zosi bilan o’ziga xos rishta va maqsadlarga ega. Blok to’siq emas.

Vashington bu tashkilotga a’zolikka yoki kuzatuvchi maqomiga ega bo’lishga hech intilganmi? Yo’q, deydi arboblar.

Amerika nazarida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti azaldan uning erkinlik va demokratiya targ'ibotiga qarshi davlatlar gurunglashadigan doira. Hozirgi olti a'zo - inson huquqlari muntazam ravishda poymol etiladigan mamlakatlar.

Hindistonning kirishi shu bois ham diqqatga sazovor, chunki bu davlat dunyoda eng ko'p aholiga ega federal tuzum va demografik jihatdan nihoyatda boy demokratiya. Boshqa tomondan esa Dehli demokratiya targ'ibotchisi emas va blokni iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda qo'l keladigan vosita deb hisoblaydi.

AQSh blokdagi 2008-2009 yillardagi muzokaralarni yaqindan kuzatgan va Xitoy bilan mintaqa yuzasidan muloqot yo’lga qo’yilgan. Biroq Amerika blokda faol rol o’ynashga qiziqmagan va hozir ham bunday ishtiyoq yo’q.

Faygenbaum deydiki, yaqinlashayotgan saylovlarda Oq uyni kim egallashadigan qa’ti nazar, mintaqa va har bir mamlakatdagi vaziyatni puxta o’rganib, aniq strategiya asosida harakat qilishi lozim.

Vashington regionda Rossiya va Xitoy bilan raqobat qilmoqchi emas, biroq muhim jararayonlarga ko’z yuma olmaydi. Mintaqaviy integratsiyani targ’ib qilar ekan, Yangi ipak yo’lini barpo etishga tushgan Xitoy bilan ishlash kerak, deydi Faygenbaum. Uning fikricha, Pekin ham bunga moyil.

Shanxay bloki esa siyosiy o’yinchoq, deydi Faygenbaum. Kengayib borayotgani haqiqat lekin olamshumul yangiliklar kutish uchun hozircha asos yo’q.