Qonunchilar immigratsiya masalasida kelisha olmayapti

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Senati bir hafta davom etgan munozaralar ortidan muhojirlarga oid qonun loyihasini rad etdi. Demokratlar va respublikachilar hujjatsiz yosh immigrantlar, chegara xavfsizligi uchun mablag'ni oshirish hamda oilaviy muhojirlikni qisqartirish masalalari bo'yicha kelisha olmadi.

Bir necha haftalik bahs, kurash va hatto hukumatning ishdan to'xtashi ham foyda bermadi. Yoshligida AQShga hujjatsiz kelgan muhojirlarni himoya qilishga qaratilgan to'rt taklifning barchasi Senat tomonidan rad etildi.

Chegara xavfsizligi uchun 25 milliard dollar ajratish, DACA qatnashchilariga 10 yildan ortiq muddat ichida fuqarolik berish tashabbusi yetarli ovoz yig'a olmadi.

"Bu qonun har ikki tomonningkeng qo'llab-quvvatloviga ega immigratsiya loyihasi. U eng muhim masalalarga e'tibor qaratadi", - dedi respublikachi senator Syuzan Kollins.

Ammo prezidentning veto qo'llash tahdidi, "Twitter" orqali qonunni falokat deb atashi ayrim qonunchilarni ovoz berishdan to'sdi.

"To'rt million bu faqat DACA emas, balki mamlakatdagi har bir noqonuniy odam haqida", - dedi senator Jeyms Lenkford.

Ko'plab qonunchilar nazarida, immigratsiya tizimini isloh qilish uchun qo'yilgan muddat yetarli emas.

"Janob prezident, Amerika xalqiga quloq tuting va Kongressni ortingizdan ergashitiring. Agar bu masalada eng ashaddiy fikrlaydiganlarga ergashsangiz, Obamadek muvaffaqiyatsizlikka uchraysiz", - dedi senator Lindsi Grem.

Prezidentning to'rt qismdan iborat rejasi demokratlarning ishonchini qozona olmadi.

"Fuqarolik sari yo'l ochadigan qonunga ovoz berishingiz uchun so'nggi imkoniyat bu", - dedi respublikachi senator Chak Gresli.

Agar Kongress chora ko'rmasa, yoshligida hujjatsiz kelgan muhojirlar 5-martdan boshlab deportatsiyaga uchrashi mumkin. Buning uchun prezident mas'ul, deydi demokratlar.

"Agar ularni himoya qilmasak, Amerika xalqi Prezident Trampni ayblashi shubhasiz", - dedi demokratlar sardori Chak Shumer.

Immigratsiya yuzasidan bahslar shu bilan tugasa, bundan respublikachilar yutishi mumkin.

"Hujjatsiz yoshlarni himoya qiluvchi dasturni boshqa talablar bilan o'tkazishni xohlayotgan respublikachilar uchun bu ayni muddao", - deydi tahlilchi Molli Reynolds.

DACA masalasi endi mart oyida, Kongress hukumat xarajatlari muhokamasini boshlaganda qayta ko'tarilishi mumkin.