Jon Kerri: Suriya muvaqqat hukumatida Assadga o’rin yo’q

  • Amerika Ovozi

Davlat kotibi Jon Kerri, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskvada uchrashmoqda. 7-may, 2013-yil

Amerika Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Suriya muvaqqat hukumatida prezident Bashar al-Assadga o’rin yo’q.

Bugun Rimda Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Nosir Juda bilan gaplashgan Kerri maqsad - mojaroga ham rahbariyat, ham muxolifatga ma’qul siyosiy yechim topish, dedi.

Suriya oppozitsiyasi tinchlik muzokaralariga rozilik berishdan oldin Assad va uning xavfsizlik bo’yicha mulozimlari ketishini talab qilib keladi.

Hafta boshida Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov may oxirida Suriya taqdiriga doir xalqaro anjumanni uyushtirishga kelishib olgan edi.

Qo’shma Shtatlar Bashar al-Assadni rahbariyatdan ketishga chaqirmoqda, ammo Suriya prezidentining ittifoqchisi Rossiya bu da’vatga qo’shilmaydi.

Shu bilan birga, Kreml oxirgi paytlarda Assaddan chetroqda yurishni ma’qul ko’rayapti.

Rimdagi uchrashuv paytida Jon Kerri Suriya xalqi uchun qo'shimcha 100 million dollar gumanitar yordam dasturini e'lon qildi. Shundan 43 million dollari suriyalik qochqinlarga boshpana bergan Iordaniyaga atalgan.

Bugun Iordaniya ahlining 10 foizi suriyalik qochqinlar ekani aytiladi. Urush davom etsa, bu raqam 40 foizga chiqishi mumkin, deydi Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Juda.