Suriya-Turkiya chegarasida portlash

  • Amerika Ovozi
Turkiya matbuoti xabariga ko’ra, Suriya bilan chegarada mashina portlab, kamida to’qqiz odam o’lgan. Yana 30 kishi jarohat olgan.

Turkiyaning NTV telekanali ta’rificha, voqea bugun Xatay viloyatida, o’tish punktida ro’y bergan. Mashina Suriyada ro’yxatdan o’tgani taxmin qilinmoqda.

AQShning “Vashington Post” gazetasida bugun chiqqan maqolada yozilishicha, Eron va Livanning Hizbulloh harakati Suriyada o’z jangovar guruhini tuzish bilan band.

Prezident Bashar al-Assad hukumati qulagan taqdirda bu bo’linma Hizbulloh va Eronning manfaatlarini himoya qilishi kerak bo’ladi, deyiladi maqolada.

Amerika va Yaqin Sharqdagi tahlilchilar fikriga asoslanib yozilgan bu tahlilga ko’ra, jangchilarning dastlabki vazifasi Assad armiyasiga qo’zg’olonchilar bilan kurashishda yordam berishdan iborat.

Suriyadagi urush salkam uch yil davom etmoqda. Biroq Assad mag’lub bo’lgan taqdirda ham bu guruh mamlakatda muqim qolishi kerak.

Amerikalik ekspertlar nazarida Eron uchun Suriyada o’z ta’sir kuchini saqlab qolish muhim. Rasmiy Tehron va Hizbulloh bu maqolaga munosabat bildirmagan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitobiga ko’ra, 2011-yilning martida boshlangan mojaro shu paytgacha 60 mingdan ziyod odamni hayotdan olib ketgan.