Aleppoda xuruj. BMT Suriyaga xalqaro kuzatuvchilarni yubormoqchi

  • Amerika Ovozi

Aleppoda xurujdan keyingi manzara, 18-mart, 2012-yil, Suriya

Suriyaning Aleppo shahrida bugun bomba portlab, kamida uch odam o'lgan, 25 ga yaqini jarohatlangan. Hukumat bu prezident Bashar al-Assadga qarshi bosh ko'targan terrorchilarning ishi, demoqda.

Kecha esa poytaxt Damashqda bomba solingan ikki mashina portlab, 27 kishi nobud bo'lgan, 100 dan ziyodi yaralangan. Bugungi voqea politsiya va razvedka idoralari yonida sodir bo'lgan. Hukumat va muxolifat bir-birini xurujda ayblamoqda.

Mamlakatda bir yildan beri hukumatga qarshi namoyishlar kuzatilar ekan, bugun Damashqda bir necha yuz faol bu sanani nishonlamoqchi bo'lgan, ammo xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tarqatib, bir nechtasini hibsga olgan. Idlib, Dayr al-Zur va Daraa shaharlarida ham faollar tarqatilgan.

Ertaga BMTga aloqador ekspertlar Suriyaga tashrif buyurishi kutilmoqda. Ular mamlakatga xalqaro kuzatuvchilarni kiritish xususida hukumat bilan gaplashmoqchi. Delegatsiyaga BMT sobiq bosh kotibi Kofi Annan boshchilik qiladi.

Annan BMT va Arab Ligasining Suriya bo'yicha maxsus vakili vazifasini bajarmoqda. U o'tgan hafta Damashqda bo'lib, prezident Assad bilan uchrashgan, harbiy operatsiyalarni to'xtatib, muxolifat bilan muloqotni boshlashga chaqirgan edi.

BMT hisobicha, so'nggi bir yilda mamlakatda 8000 ga yaqin odam o'lgan. Kimdir hukumat kuchlari o'qidan, kimdir esa muxolifat tomoniga qochib o'tgan zobitlar o'qidan.