Suriya nasroniylari xalqaro tinchlik sulhi foyda berishiga ishonmayapti

  • Amerika Ovozi

Suriya nasroniylari pasxa bayramini nishonlamoqda, 15-aprel, 2012-yil.

Suriyadagi katolik ruhoniylardan birining aytishicha, chet davlatlar tomonidan ishlab chiqilgan sulh Suriyaga tinchlik olib kelishi dargumon. Unga ko'ra, mojaroga tinch yechimni suriyaliklarning o'zlari topishi lozim.

Ruhoniy Antoine Audo Halab shahrining hukumat nazoratidagi qismida yashaydi. U Suriyadagi urush uchun ekstremistlarni va zamonaviy dunyo qadriyatlari asosidagi dunvoviy tuzumni yoqlamaydigan ayrim Yaqin Sharq davlatlarini ayblaydi.

Uning aytishicha, Suriyada musulmonlar va nasorolar bir necha asrlardan beri birga tinch yashab kelgan. Radikal kuchlar diniy urush boshlash maqsadida bu do'stlikni ataylab buzdi, deydi ruhoniy.

2011-yil urush boshlanishidan avval Suriyada 1,2 million nasroniy yashagan. Hozir ular soni 500 ming atrofida. Halab shahrining o'zida nasroniylar soni 160 mingdan 40 mingga tushib qoldi, deydi Audo.

Ruhoniy BMT, Suriya hukumati va muxolif kuchlar o'rtasida muzokaralar boshlanganidan xursand. U, shuningdek, AQSh, Rossiya kabi xalqaro kuchlarning tinchlik muloqotida muhim rol o'ynashiga ishonadi. Ammo, deydi u, yechim Suriyaning o'zidan chiqishi kerak.

"Amerikaliklar tinchlikka ishonishi va Suriya xalqini hurmat qilib, bu davlatning iqtisodiy va strategik manfaatlari ustidan o'z yechimini majburan o'tkazmasligi kerak", - deydi u.

Uning qo'shimcha qilishicha, Suriyaning nasroniy aholisi Prezident Bashar Assadni qo'llab-quvvatlaydi.

"Nasroniylarning 80 foizi, patriarx va ruhoniylar, oddiy dindorlar, agar hozir saylov bo'lsa, Bashar Assadni tanlaydi. Chunki Iroqda nima bo'lganini bilamiz. Suriya kelajagini ekstremistlar bilan tasavvur qila olmaymiz", - deydi Audo.

Ruhoniyning qo'shimcha qilishicha, Suriya jami aholisining yarmidan ko'pi, agar hozir saylov bo'lsa, Bashar Assadni saylashi aniq.