Suriya kimyoviy qurollari haqida ma'lumot bera boshladi

  • Amerika Ovozi
Suriya hukumati Kimyoviy qurollarni man etish bo’yicha tashkilotga ilk hisobotini taqdim etgan.

Bu mamlakat aynan qanday kimyoviy qurollarga ega ekani va ular qayerda saqlanishi haqidagi ma’lumotlar hisobotdan joy olgan.

Ro’yxatning to’liq shakli shu hafta oxirigacha bu organga topshirilishi kutilyapti.

Suriyaning kimyoviy qurollarini yo’q qilish AQSh va Rossiya erishgan kelishuv mahsulidir. Qurollar ro’yxatini topshirish uchun Damashqqa bir hafta muhlat belgilangan.

Prezident Bashar al-Assad kelishuv shartlarino o’z vaqtida va to’laligacha bajarsa, AQSh hujumidan omon qolishi mumkin. Vashington bu haqda qayta-qayta ogohlantirish bergan.

Bu orada, Suriya hukumati Jenevada o’tishi kutilayotgan tinchlik anjumanida sulh e’lon qilishi mumkin. Bosh vazir o’rinbosari Qadri Jamil Britaniyaning “Guardian” gazetasi bilan suhbatda aytishicha, ikki yildan beri davom etayotgan urushda hech bir tomon ustunlikni qo’lga ololmasligi ayon.

Jeneva yig’inida rasmiy Damashq, shuningdek, Suriya mojarosiga tashqi kuchlar aralashmasin, deya shart qo’ymoqchi.

Aytish joiz, Jenevada o’tgan avvalgi muzokaralar samarasiz yakunlangan. Isyonchilar prezident Assad hokimiyatdan ketmaguncha kurashni davom ettirishini bildirib keladi.