AQSh, BMT Afg'onistonda qizlarning oliy ta'limdan mahrum etilganini qoralamoqda

  • Amerika Ovozi

Kobul ta'lim universiteti

Afg’onistonda Tolibon hukumati ayollarga universitetlarda o’qishni taqiqlab qo’ydi. Oliy ta’lim vazirligi so’zlovchisiga ko’ra, taqiq ham davlat, ham xususiy oliygohlarga taalluqli.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 21-dekabr, 2022-yil


AQSh, Britaniya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tolibon qarorini qoralab chiqdi.

Talaba qizlar yangilikdan sessiya paytida xabardor bo’lishdi. O’qishni davom ettirish va oliy ta’lim olish huquqidan mahrum bo’lgan talabalar hozir tushkunlikda.

"O’qishga kelganimizda universitet darvozasi yonida harbiy transportni ko’rdik. Toliblar bizga uyga qaytib ketishni tayinlashdi, o’zlarini qo’pol tutishdi, qizlarda ta’lim olishga endi huquq yo’q deb aytishdi”, - deydi Kobul universitetida tahsil olgan Maryam ismli bir talaba.

"Xalqaro hamjamiyatdan bizga yordam berishlarini so’raymiz. Tolibon bilan muzokara qilishsin, bizga o’qishni davom ettirishga ruxsat berishga ko’ndirishsin. O’qishni yaxshi ko’raman”, - deydi Sahar ismli yana bir qiz.

BMTning Afg’onistondagi idorasi Tolibon ma’muriyatidan taqiqni bekor qilishni so’rab, o’rta maktablarda qizlarga oltinchi sinfdan keyin ham tahsil olishga ruxsat berishga chaqirdi.

"Bu xabarni eshitgach ko’p yig’ladim. Ertalabgacha hech birimiz mijja qoqmadik. Tolibon ayollarning yutuqqa erishishi uchun barcha yo’llarni yopib qo’ydi, Afg’onistonda endi ayollar uchun hayot yo’q”, - deydi Hasti ismli bir talaba.

Afg’oniston sharqidagi Jalolobod shahrida bugun bir guruh erkak va ayol talabalar Nangarhor universiteti tashqarisida norozilik namoyishi o’tkazdi.

Kobuldagi bir universitet professorining aytishicha, vazirlikdan ko’rsatma olgan oliy o’quv yurtlari talaba qizlarni darvozadan qaytarib yuboryapti.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tolibon hukumatining bu qarori uning yanada yakkalanishiga olib kelishi mumkin.

"Qo’shma Shtatlar bu haqda bir necha bor bayonot bergan. Tolibon xalqaro hamjamiyat diqqatiga sazovor bo’lishni istasa, avval o’z xalqi e’tiboriga tushishi kerak”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi o’rinbosari Robert Vud.

BMT so’zlovchisi Stefan Dujarrikning aytishicha, Tolibon yana va’dasini buzmoqda.

"Ayollarning jamiyatdagi ishtirokisiz, ularni ta’limsiz qoldirib, mamlakatni rivojlantirib, ko’plab muammolarini hal qilib bo’lmaydi”, - dedi u.