Qiynoqqa solinganlar AQShda yangi hayot boshlamoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Qiynoqlardan keyingi hayot - Torture Survivor

AQShda har yili o’tkaziladigan “Katta yakshanba” deya nomlanuvchi xayriya tadbiri turli tashkilot va maktablarda ishlovchi ko’ngillilarni bir joyga yig’adi. Ular shu kuni yordamga muhtoj odamlar yoki ularga yordam beruvchi tashkilotlar holidan xabar oladi. Bu yili ular Los-Anjeles shahrida qiynoqdan omon qolganlarga yordam beruvchi markazga tashrif buyurdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qiynoqqa tutilganlar uchun markaz, Behzod Muhammadiy

O’tgan 26 yil davomida Rozanna Perez bo’sh vaqtining asosiy qismini Los-Anjeles markazidagi parkda o’tkazadi.

“Bu yer fikrlarimni bir joyga jamlashga, stressni yengishimga yordam beradi”, - deydi u.

Undagi stress qamoqxonada chekkan aziyatlaridan qolgan.

“Bilasizmi, bu haqda gapirishning o’zi menga og’riq beradi”, - deydi ayol.

Perez Salvadordan. 80-yillarda vatanida ro’y bergan fuqarolik urushi davrida talaba bo’lgan. Ijtimoiy islohot talab qilib chiqqan namoyishchilarga qo’shilgani uchun rejim uni kommunist deb atagan va hibsga olib, qiynoqqa solgan.

“Esimda, bir kuni meni qip yalang’och qilib, qo’limni orqamga bog’lashdi. Boshimga, oyog’imga temir niqob kiydirishdi. Butun badanim parchalanayotgandek his qildim o’zimni”, - deydi u.

Qiynoqlardan omon chiqqanlarning bir qismi Los-Anjelesga kelgan. Ular qiynoqni boshdan o’tkazgan muhojirlarga yordam beruvchi markazda davolandi. Bu yerda 65 davlatdan odamlar bor.

“Shunday insonlarning borligi bizga umid beradi. Qo’rqmasdan telefonga javob beraman, ofisga boraman yoki kim bilandir gaplashaman”, - deydi markazdan ko’mak olgan Perez.

Tashkilot ijrochi direktori Trip Oldfildning aytishicha, AQShda qiynoqqa tutilganlar bilan ishlovchi ilk markaz shu yerda ochilgan.

Iqtisodiy qiyinchilik davrida bu kabi tashkilotlarning ham moliyaviy ahvoli og’irlashdi. Hukumatdan keladigan yordam puli qisqardi, deydi Oldfild.

“Masalan, 2000-yilllarda byudjetimizning 80 foizini davlatdan olardik. Hozir bu hissa 50 foizga tushib qolgan”, - deydi u.

Tashkilot, asosan, ko’ngillilar ko’magiga tayanadi. “Katta yakshanba” yillik tadbirida ham ular markaz uchun oziq-ovqat va kiyim-bosh to’plashda yordam berishdi.

“Mijozlarimizning aksariyati qiyin sharoitlardan qochib kelgan. Bu yerga kelganlarida hech vaqosi bo’lmaydi. Ularga kiyim va boshqa kerakli narsalarni beramiz”, - deydi markaz direktori Oldfild.

Devid Levinson “Katta yakshanba” tadbirining asoschisi.

“Biz odamlarni ilgari nomini hech eshitmagan tashkilotlar bilan bog’laymiz”, - deydi u.

Dastur davomida qiynoq qurbonlari, shuningdek, huquqshunos, psixolog va siyosiy boshpana berish bo’yicha boshqa mutaxassislar bilan ko’rishadi.

Oldfildning aytishicha, aziyat chekkan odamlarning taqdiri har xil. Ammo ularning barchasi o’ziga kelib, yana baxtli hayot kechirishga qodir. Rozanna Perez hozir magistratura darajasi uchun tahsil olmoqda. O’zi kabi yordamga muhtoj muhojirlarga ko’maklashish uchun aspiranturada ham o’qimoqchi.