Tramp Xitoyga qarshi qonun loyihasi va farmon imzoladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Gonkong muxtoriyatiga chang solganlikda aybdor deb ko’rilayotgan Xitoy rasmiylarini jazolovchi qonun loyihasi hamda Gonkong bilan aloqalardagi mavjud imtiyozlarni bekor qiluvchi farmonni imzoladi.

“Xitoyni Gonkong xalqiga qarshi zolim harakatlari uchun jazolovchi qonun loyihasi va farmon imzoladim”, - dedi Tramp.

“Gonkong muxtoriyati” haqidagi AQSh qonuni Pekin yaqinda qabul qilgan Gonkongga doir xavfsizlik qonuni ijrosi bilan shug’ullanuvchi xitoylik rasmiylar bilan ish qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslarga sanksiya qo’yishni ko’zlaydi. Qonun AQSh rahbariga bunday xitoylik rasmiylar mulklarini muzlatish va Amerikaga kiritmaslik vakolatini beradi.

“Oq uy ma’muriyati Pekinni Gonkong ishlariga aralashmaslikni so’rab charchaganidan so’ng shunday chora qo’llab, bunday harakatlar Xitoyga qimmatga tushishini bildiryapti”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Zak Kuper.

Tramp farmoni Gonkongga berilgan imtiyozlarni bekor qilib, orolga nisbatan siyosatni Xitoy siyosatiga tenglashtirib qo’ydi.

Shu hafta Tramp ma’muriyati Britaniyani Xitoyning “Xuavey” (Huawei) kompaniyasini 5G tarmog’idan olib tashlashga ham ko’ndirdi.

Xitoy bilan muomala qilishga kelganda Tramp o’zini saylovdagi demokrat raqibi Jo Baydendan qattiqroq deb biladi. Bayden Trampdan oldingi prezident Barak Obamaning o’rinbosari bo’lgan.

“Jo Bayden professional faoliyati davomida Xitoy Kommunistik partiyasi siyosati va xatolariga ko’z yumib kelgan”, - dedi Tramp.

Bayden Trampni Xitoy bilan savdo urushini boshlaganlikda ayblab, Xitoyga nisbatan Trampdan ko’ra qattiqroq siyosat yuritishini bildiradi.

“Xitoy kelajak texnologiyasiga ega bo’lish uchun milliardlab dollar sarflayotgan bir paytda biz qo’limizni qovushtirib o’tiribmiz”, - deydi Bayden.

Tahlilchi Zak Kuperning aytishicha, Xitoy mavzusi AQSh saylovida muhim mavzulardan bo’ladi.

“Har ikki nomzodning zaif tomonlari bor. Ochig’i, Trampda ko’proq bo’lishi mumkin. Prezident yanvar oyida Xitoy bilan savdo bitimi imzoladi, biroq ushbu hujjatda ayni paytda Tramp noroziligiga eng ko’p uchrayotgan masalalar yoritilmagan. Uning ayrim bandlari qishloq xo’jaligi mahsulotlari savdosini kuchaytirishga qaratilgan, bu esa saylovda muhim hisoblangan shtatlarda qo’l kelishi mumkin”, - deydi Kuper.

Trampning aytishicha, Xitoy koronavirus pandemiyasiga doir siyosati bilan ikki tomonlama aloqalarga jiddiy zarar yetkazdi va ayni paytda prezident Pekin bilan savdo shartnomasining ikkinchi bosqichi xususida gaplashishni istamaydi.

Qo’shma Shtatlar Tayvan iltimosiga ko’ra undagi “Patriot” rusumidagi yer-havo raketalarini takomillashtirishni ko’zlovchi loyihani o’tgan hafta tasdiqlashi ketidan Xitoy hukumati 620 million dollarlik buyurtma uchun pudratchi vazifasini bajaruvchi AQShning “Lokxid Martin” kompaniyasi hamda AQSh Senatida Xitoyning ashaddiy tanqidchilari bo’lgan uch qonunchisiga nisbatan sanksiya joriy etdi.