Tramp o'tmish xatolaridan saboq olyaptimi?

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp federal hukumat faoliyati to’xtamasligi uchun raqib demokratlar bilan hamkorlik qilganini himoya qilmoqda. Chorshanba kuni Oq uyda demokratlarning Kongressdagi rahbarlari bilan uchrashgan Tramp qarz shiftini ko’tarishga kelishib oldi. Respublikachilar prezidentning bunday boshqaruv usulidan norozi.

“Amerika xalqi turli partiyalarning birdam bo’lishini istaydi. Turlicha qarashlarga, g’oyalarga, hislarga egamiz, ammo hali bundan-da qattiqroq jipslashamiz”, - dedi prezident.

Demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumer kelishuvdan mamnun.

“Xalq partiyaviy bo’linishga qarshi, davlatni yuritishda janjalga berilmay ikki asosiy partiyaning hamkorlik qilishini istaydi. Ushbu bitim bizga umid bag’ishladi”, - dedi qonunchi.

Kelishuv tomonlarga kelasi uch oy hukumat sarfiyatlari va mamlakat qarzi bo’yicha tortishmaslikni kafolatlaydi. Bundan tashqari, “Xarvi” dovuli asoratlariga qarshi kurashga bir necha milliard dollar ajratishga imkon beradi.

Aksariyat respublikachilar prezidentning demokratlar bilan kelishuvini olqishlamayapti. Ammo Vakillar palatasi spikeri buni o’zgacha baholadi.

“Mamlakat ikki dahshatli dovul bilan yuzlashib turgan bir paytda prezident partiyaviy o’yinlarni chetga surib qo’ydi”, - dedi Pol Rayan.

Tramp soliq tizimi islohotiga kelganda ham ikki partiyani hamkorlikka chaqirmoqda.

Shu kungacha faqat o’z saylovchilari manfaatlarini himoya qilib kelgan Trampning yangicha yondashuvi qanchaga yetadi?

“Tramp tarafdorlaridan boshqa odamlarning fikriga quloq solmaydi. Tarafdorlari uni saylagani uchun ularga mehr qo’ygan”, - deydi Amerika universiteti tarixchisi Alan Lixtmen.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, so’nggi paytda Tramp ancha intizomli bo’lib qolgan. Bunda Oq uy ma’muriyati rahbari Jon Kellining hissasi bo’lishi mumkin, deydi yozuvchi Kris Vipl.

“Prezident ma’muriyatining boshqaruvchisi Oq uydagi boshqa xodimlardan ustun bo’lmasa, davlat rahbari qo’ygan maqsadlarga erishish juda qiyin bo’lishini Trampgacha bo’lgan hamma prezidentlar ba’zi muammolar bilan yuzlashganidan so’ng anglab yetgan”, - deydi muallif.

Tahlilchi Larri Sabato Tramp o’tmish xatolaridan saboq olishiga umid qiladi.

“Prezident shior aytishga usta. Ammo masalaning ikir-chikirlarini bilmaydi. Yaxshi prezident bo’lish uchun, yaxshi qonunlarni olg’a surish uchun har bir detalga e’tibor berish kerak”, - deydi ekspert.

Prezidentning hozirgi siyosati kelasi yil bo’ladigan Kongress saylovlarida aks-sado berishi mumkin.