Tramp: Isroil va Falastin o'rtasida tinchlik o'rnatish ahdida qat'iyman

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp (chapda) Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan, G'arbiy Sohil, 23-may, 2017-yil.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelish niyatida qat'iy ekanini bildirdi. Avvalgi rahbarlar ham shunday va'dalar bilan kelgan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi.

Tramp Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan o'tgan bir soatlik uchrashuv ortidan shu haqda gapirdi. Uning aytishicha, Amerika Isroil va Falastin o'rtasida tinchlikka erishishga va mintaqaga yangi umid olib kelishga yordam bera oladi.

"Isroil va falastinliklar o'rtasida tinchlik bitimiga erishish uchun harakat qilishga ahd qilganman. Ular shu maqsadga yetishi uchun qo'limdan kelgan hamma ishni qilmoqchiman", - dedi Tramp.

Mahmud Abbosning aytishicha, falastinliklar uchun eng asosiy muammo Isroil bosqini va Isroilning Falastinni tan olmasligidir.

Shu kuni kechroq Tramp Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan xolokost qurbonlari xotirasiga tashkil etilgan tadbirda qatnashdi.

Tadbir ortidan ikki yetakchi Isroil muzeyiga bordi. U yerda AQSh rahbari uzoq ma'ruza qilib, Yaqin Sharqda doimiy tinchlik o'rnatish ahdida qat'iy ekanini ta'kidladi.

AQSh prezidenti Isroilga Saudiya Arabistonida o'tgan ikki kunlik tashrif ortidan keldi. Riyodda qirol Salmon ham Isroil va Falastin o'rtasida tinchlik bo'lishini istashini bildirgan.

Tramp safaridan o'rin olgan navbatdagi manzil - Rim. 24-may kuni u Vatikanda Rim papasi bilan uchrashadi. Tramp islom va yahudiy olamining eng muhim davlatlariga borish ortidan nasroniylikning markaziga tashrif buyurmoqda.

Tramp, shuningdek, Italiya prezidenti va bosh vaziri bilan ko'rishib, so'ng Bryusselda bo'ladigan NATO sammitiga jo'nab ketadi.