Prezident Tramp ovozlarning pochta orqali berilishiga qarshi

  • Amerika Ovozi

Koronavirus bilan birga hayotimizga ijtimoiy masofa ham kirib keldi. Bu AQShda noyabrda bo’ladigan saylovlarga qanday ta’sir qiladi? Ba’zilar pochta orqali ovoz berishga chaqirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Tramp ovozlarning pochta orqali berilishiga qarshi

Biroq Prezident Tramp bunga qarshi. Bunday amaliyot ovozlarning qalbakilashtirilishiga olib keladi, deydi u.

Tramp shtatdagi barcha saylovchilarga sirtdan ovoz berish huquqi uchun ariza yo’llagan Michigan va Nevada shtatlariga federal byudjetdan pulni to’xtatishini aytib, do’q-po’pisa qildi.

“Ovozlar pochta bilan yuborilmasligi kerak. Saylov kabinasining ichida ovoz berish zarur. Yoningizda saylov guvohnomasi ham bo’lsin”, - dedi prezident.

Ekspertlarning aytishicha, pochta orqali yuborilgan ovozlarning soxtalashtirilganiga misol ko’p emas. Demokratlar saylovchi koronavirusdan qo’rqib, saylovga chiqmaydi, degan xavotirda.

“Bu jarayon uchun qo’shimcha pul ajratish kerak”, - dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.

Prezidentning aytishicha, masofali ovoz berishga yo’l ochilsa, bundan faqat demokratlar yutadi.

“Demokratlar ovoz berish osonlashsa, saylovchilariga yaxshi bo’ladi deb o’ylayotgan bo’lishi mumkin. Respublikachilar esa buni to’siq deb, ovoz berishga ishtiyoqi kamroq saylovchilarning uyda qolishiga olib kelishini aytadi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Jorj Uill.

Izlanishlar shuni ko’rsatadiki, pochta orqali ovoz berish hech qaysi tarafga ustunlik bermaydi.

“Pochta orqali va sirtdan ovoz berish ruxsat etilgan shtatlardagi tajriba shuni ko’rsatmoqda. Ovoz berishga qo’shimcha qulaylik yaratish saylov kuni har ikki partiya saylovchilari soniga salkam 8 foiz ovoz qo’shadi”, - deydi Memfis universiteti professori Stiven Mulroy.

Sirtdan ovoz berish amaliyoti 1864-yilda boshlangan. O’shanda Amerika Fuqarolar urushida qatnashayotgan shtatlar askarlariga jang maydonidan turib prezidentga ovoz berishga ruxsat bergan edi.

Shundan beri harbiy xizmat, nogironlik, saylov kuni shtatda bo’lmaslik sabablariga ko’ra sirtdan ovoz berish amaliyoti mavjud.

1998-yilda Oregon shtati birinchilardan pochta orqali ovoz berishni qonuniylashtirdi. So’ng Vashington, Kolorado, Yuta va Gavayi shtatlari ham shunday qildi.

29 shtatda sababsiz sirtdan ovoz berish mumkin. Sirtdan ovoz berishga uzrli sabab talab qiluvchi 16 shtatning ko’pida endi koronavirus ham uzrli sabab bo’lib xizmat qilishi mumkin.

“Saylovchilar ovoz berish huquqidan foydalanish jarayonida o’zi va yaqinlari salomatligini xavf ostiga qo’ymasligi kerak”, - deydi Mulroy.

Viskonsin shtati pandemiya sabab aprel oyidagi partiyaviy saylovlarni ko’chirmadi. 400 mingga yaqin saylovchi ovoz berdi. Natijada saylov kuni 36 saylovchi va saylov uchastkasi xodimi koronavirusga uchradi.