Din

Tramp diniy erkinlikka oid yangi farmonni imzoladi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Donald Tramp din erkinligiga oid yangi farmon imzoladi. Prezidentga ko'ra, bu qaror vijdon erkinligini yanada mustahkamlaydi. Ammo farqli qarashdagilar ham bor.

Tramp dindor tarafdorlariga shuni va'da qilgandi. Prezident yangi farmonini quyidagicha ta'rifladi:

"E'tiqodli odamlarning nishonga olinishiga, ovozlari o'chirilishiga ortiq yo'l qo'ymaymiz", - dedi u.

Farmonga ko'ra, cherkovlar va boshqa diniy guruhlar siyosiy fikrlarini bildirishda erkinroq bo'ladi. Ishchilariga tug'ishni nazorat qiluvchi kontraseptiv vositalarni bermaslik huquqi ham kengayadi.

Bu diniy yetakchilar uchun 63 yillik Jonson qonuni ustidan g'alaba, demakdir. Hozirgacha biror siyosiy nomzodni yoqlagan diniy guruhlardan soliq to'lamaslik maqomi olib qo'yilar edi.

Injilchi nasroniylar yetakchisi Jerri Folvel eski tartibning keskin tanqidchilaridan. Bu haqda u Respublikachilar qurultoyida ham so'zlagan edi.

"Ishoning, Jonson qonunining bekor qilinishi konservativ nasroniylar va so'z erkinligi uchun ulkan inqilob bo'ladi", - degandi u.

Prezident farmoni aslida qonunni bekor qilmaydi. Qonun rasman mavjud bo'ladi, lekin kamdan kam amal qiladi.

Din va davlatning ajratilishini xohlovchi amerikaliklar jamiyati rahbari Berri Linning aytishicha, Tramp farmoni aslida mavjud bo'lmagan muammoga asoslangan.

"Amerikadagi dindorlar minbarlarida hech qanday inqiroz yo'q. Siyosiy fikrga qarshi urush ham mavjud emas. Faqat bitta narsa bor: soliq to'lamaslikni istasangiz, davlat idorasi uchun saylanayotgan biror nomzodni yoqlamang. Shu, xolos", - deydi u.

Trampning bu farmoni ham huquqiy to'siqqa duch kelishi mumkin. Amerika Fuqarolik erkinliklari ittifoqi farmon ustidan sudga shikoyat qilishi mumkinligi haqida gapirdi.