Trampning safarlar taqiqiga oid qarori kuchga kirdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Oliy sudi Prezident Donald Trampning sakkiz davlat fuqarolarini AQShga kiritmaslik haqidagi farmoni kuchga kirishi mumkin, deya qaror chiqardi. Ayni paytda quyi sudlar uni ko'rib chiqishda davom etadi.

To'qqiz oliy sudyaning faqat ikkitasi prezident farmonining to'liq kuchga kirishiga qarshi chiqdi. Sud nega bunday hukm chiqarganini izohlamadi.

Tramp uchinchi marta qayta chiqargan qarorga ko'ra, sakkizta davlat - Chad, Eron, Liviya, Shimoliy Koreya, Somali, Suriya, Venesuela va Yamandan kelayotgan odamlarning aksariyati AQShga kiritilmaydi. Bu davlatlardan oltitasining aholisi, asosan, musulmonlardan iborat.

Merilend va Gavayidagi sudlar farmon ijrosini to'xtatib qo'ygan edi.

Amerika-Islom aloqalari kengashi tashkiloti so'zlovchisining aytishicha, bu qaror musulmonlar va boshqa ozchilik guruhlarga nisbatan Trampning ayirmachilik siyosatini faqat sudlar orqali hal qilishga bog'lanib qolmaslik kerakligini ko'rsatadi.

Oliy sud ayni paytda prezident farmoniga qarshi va uni himoya qiluvchi fikrlarni tinglashga tayyor ekanini aytgan. Buning uchun masala, avvalo, quyi sudlardan o'tishi kerak.

Prezident Trampning, asosan, musulmon o'lkalardan bo'lgan fuqarolarning AQShga kirishini taqiqlovchi avvalgi ikki qarori sudlar tomonidan to'xtatib qo'yilgach, Oq uy uchinchi marotaba ushbu farmonning o'zgartirilgan nusxasini e'lon qilgan edi.

So'nggi farmonga ham fuqarolik jamiyati vakillari va faollar orasida qarshilik kuchli.